“Zakovat” turniri gʻoliblari aniqlandi
Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Yoshlar oʻrtasida bilim va tafakkurni rivojlantirishga xizmat qiluvchi “Zakovat” intellektual turnirining respublika bosqichi yakunlandi. Umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkazilgan mazkur nufuzli musobaqada yurtimiz boʻylab saralangan 42 ta jamoa ishtirok etdi.
Zukkolik va zehn charxlash boʻyicha kechgan qizgʻin bellashuvlar davomida bilimdon oʻquvchilar murosasiz va intellektual kurashlarda oʻz salohiyatlarini namoyon etishdi. Turnir natijalariga koʻra, Namangan viloyati Chust tumanidagi 52-umumtaʼlim maktabining “Avitsenna” jamoasi barcha bosqichlarda yuqori natijalarni qayd etib, faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Gʻolib jamoaga 100 million soʻm miqdoridagi pul mukofoti topshirildi.
— Nufuzli oʻyinda kuchlilarning kuchlisi boʻlish, kutilmagan va mantiqiy jihatdan oʻziga yarasha murakkab savollarga javob topish oson emas, — deydi jamoa sardori, 11-sinf oʻquvchisi Jamshid Gʻulomjonov. — Tayyorgarlik jarayoni ham boʻlajak savollarga, ham maktabni bitiruv imtihonlariga hozirlik bilan bogʻlanib,ikki tomonlama nafli kechdi. Jamoamizga har jihatdan saralab olingan bilimdonlar oʻz ustida qunt bilan ishladilar, ustozlarimizning qoʻshimcha saboqlaridan foydalandik.
Taʼkidlash lozimki, soʻnggi vaqtlarda Namangan viloyati yoshlarining “Zakovat” intellektual loyihalaridagi ishtiroki faollashib, barqaror natijalarni namoyon etmoqda. Yaqinda ushbu hududning boshqa jamoasi — Namangan shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati oʻquvchilari ham Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi turnirning mamlakat bosqichida gʻolib chiqib, 100 million soʻmlik pul mukofotiga sazovor boʻlgan edilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring