“Yuz gʻazal — yuz javohir”

17:36 14 Fevral 2024 Jamiyat
514 0

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi tashabbusi bilan gʻazal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 541-yilligi munosabati bilan eʼlon qilingan “Yuz gʻazal – yuz javohir” tanlovining Qashqadaryo viloyati bosqichi oʻtkazildi.

Har yili anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgan ushbu tanlovning bu yilgi hududiy bosqichlarida ham 500 dan ortiq yoshlar ishtirok etib, har bir hudud gʻoliblari tanlovning viloyat bosqichi gʻolibligi uchun bahs olib borishdi.

— Ishtirokchilarni baholashda yodlangan gʻazallar soni va ijro mahoratiga asosiy eʼtibor qaratildi, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Qashqadaryo viloyati boʻlimi yetakchi mutaxassisi Lazizbek Narzullayev. — Tanlov qatnashchilari orasida maktab oʻquvchilari, talabalar hamda oʻqituvchilar borligi, ayniqsa, yoshlar koʻp ekani eʼtiborga molik. Jumladan, Nishon tumanidagi 46-maktabning 1-sinf oʻquvchisi Joʻrabek Boymurodov hali 7 yosh boʻlishiga qaramay Navoiy va Bobur ijodidan koʻplab gʻazallarni yod olgani hakamlar hayʼati va tomoshabinlar olqishlariga sazovor boʻldi.

Yakuniy natijalarga koʻra, Shahrisabz tumanidagi 26-maktab oʻquvchisi Zahro Noʻmonjonova Alisher Navoiy va Bobur ijodidan 70 dan ortiq gʻazalni yoddan aytib berib, 1-oʻrinni qoʻlga kiritdi. Dehqonobod tumanidagi 23-maktab oʻquvchisi Farzona Keldiyeva 2- va Buxoro davlat universiteti talabasi, muboraklik Baxtiyor Fayziyev 3-oʻringa munosib koʻrildi.

Gʻolib va faol ishtirokchilarga diplom, qimmatbaho sovgʻa hamda kitoblar toʻplami topshirildi.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер