Yuz bilan yuzlashgan momo
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Bu bahor yuz bilan yuzlashgan Salomat momo Amirovaning Pastdargʻom tumanidagi Katta Nayman mahallasida hurmati baland. Umrining mazmunini mehnatdan topgan momo yomon yashamadi. Paxta dalalarida ishladi. Halolligi va mehnatsevarligi tufayli el-yurt nazariga tushdi. Sakkiz marta tuman va viloyat Kengashi, bir marta Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi deputatligiga saylandi. Oʻziyam ismi jismiga mos, haliyam bardam-tetik. Mahalla-koʻy toʻylarida kayvoni. Qiz-juvonlarga pand-nasihatlar qilib, shu kunlarga yetkazganiga shukr qilib yashamoqda.
— Bolaligim bir burda non oʻrnini hech narsa bosolmaydigan davrga toʻgʻri keladi. Bir tuyur bugʻdoy topilsa, shuning oʻzi bayram edi. Oʻsha paytlarda odamlar ochlikka chidamay kunjara yeb, shishib oʻlganini ham koʻrganman, — deydi Salomat momo. — Ogʻzimiz tutga yetishsa, shunga quvonardik. Keyin oʻrikning oldi pishardi, olma, uzum deganlaridek... Qoʻshni qizlarga qoʻshilib, qora tol bargaklarini sochimizga jamalak qilib oʻrardik. Bektosh oʻynab quvnaganlarimiz, paxtadan yasalgan pilikni mol yogʻiga botirib yoqqandagi uyning nim yoqtisida boʻladigan kitobxonliklar hamon esimda. Hozir bu toshchiroqlarni hech kim ishlatmaydi. Hamma joyda elektr chirogʻining charogʻon nurlari porlab turibdi. Shuncha yil tiriklikdan topgan xulosam shuki, iymonning ham ikki qanoti boʻlarkan. Bular sabr va shukur. Yorugʻ kunlarga faqat sabr bilan yetdim.
Salomat momo hozir toʻqchilik, lekin tomorqasiga biror narsa ekishni bilmagan odam toʻq boʻladimi? Tomorqaga besh tupgina erta pishar olma yoki tut eksa ham butun mahalla shundan bahramand boʻladi, deydi. Momodagi saranjom-sarishtalik, muloyimgina mulozamatni koʻrib, yuragingiz toʻlqinlanadi. Mehnat, halollik, mehr-oqibatdan izzat va hurmat topgan momoning yuzlaridan doim nur yogʻilib tursin. Har kuni Navroʻz boʻlsin!
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring