Yurtimizda qancha gulqogʻoz ishlab chiqariladi?

16:35 23 Yanvar 2020 Jamiyat
2371 0

Mamlakatimizda mahalliylashtirish dasturi boʻyicha import oʻrnini bosuvchi qurilish materiallari ishlab chiqarishga alohida eʼtibor qaratilgan. Yurtimizda yildan-yilga talabi ortib borayotgan pardozbop gulqogʻozlar ishlab chiqarish, ushbu yoʻnalishda xorijiy investorlar ishtirokini taʼminlash boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ushbu mahsulot ichki ehtiyojni toʻliq qondira oladimi? “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, 2020-2021-yillarda gulqogʻozlar boʻyicha umumiy qiymati 16 mln. 300 ming dollar boʻlgan 3 ta loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Natijada gulqogʻozlarga boʻlgan ichki talab toʻla qondiriladi, yaʼni ishlab chiqarish quvvati 6 mln. 600 ming rulonga yetkaziladi.

Umuman olganda, mazkur yoʻnalishda yangi korxonalar tashkil etilayotgani diqqatga sazovor. Jumladan, 2019-yilda respublikamizda dastlabki pardozbop gulqogʻozlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Pergament Quality Exclusive” MCHJda yil davomida 550 ming oʻram boʻlgan, 68,8 mlrd. soʻmlik gulqogʻoz tayyorlangan. Eʼtiborlisi, shundan 1,9 million dollarlik mahsulot qoʻshni davlatlarga eksport qilingan.

Shuningdek, joriy yilda “NEW BEST STYLE” MCHJ toʻliq quvvat bilan ishga tushiriladi. Shunda bu yerda 6 mlrd. 830 mln. soʻmlik mahsulot ishlab chiqariladi.

Maʼlumot uchun, Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari, AQSH va Kanadada gulqogʻoz oʻrniga koʻproq dekorativ shtukaturka yoki plastmassadan koʻproq foydalaniladi. Qogʻozdan boʻlgan devorbop gulqogʻoz eng koʻp MDH davlatlari va Sharqiy Yevropada pardozlash jarayonida ishlatiladi. Yaponiya, Xitoy, Koreya va Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlarida nafaqat qogʻoz, balki toʻqilgan pardozbop qurilish materiallari ham ancha ommabop.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер