Yurtimiz hayotiga daxldor tarixiy voqea
Shu yilning 1-mart kuni davlatimiz rahbari raisligida boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida mahalla institutini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning qiyofasini tubdan yaxshilashga qaratilgan koʻplab yangi tashabbuslar ilgari surilib, aniq vazifalar belgilab berildi. Bu nafaqat mahallalar, balki yurtimiz hayotiga daxldor tarixiy voqea boʻldi.
Prezidentimizning oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid qaror va farmonlari ushbu sohalar taraqqiyotida butunlay yangi davrni boshlab berdi.
Mahallalar bilan yangicha asosda ishlash, jamiyatimiz fayzi boʻlgan nuroniy va keksalarimizga munosib eʼtibor koʻrsatish boʻyicha bunday yondashuv koʻzlangan natijani berishi, “inson qadri uchun” gʻoyasini toʻla roʻyobga chiqarishi shubhasiz. Nega deganda, qabul qilingan yangi dasturiy hujjatlarda hammasi aniq-ravshan belgilab berilgan, amaliy mexanizmlar puxta oʻylangan.
Endilikda mahalla institutiga zimmasiga yuklanayotgan biri-biridan muhim vazifalarga mos ravishda keng huquq va vakolatlar, zarur moddiy-texnik imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Mahallalar hayotning, oʻzgarish va islohotlarning eng qaynoq nuqtasiga aylanmoqda. Aholi muammolarini kompleks hal etish, yangi ish oʻrinlari tashkil etish, jinoyatchilikni kamaytirish, yosh avlodga sifatli taʼlim va tarbiya berish kabi koʻplab soha va yoʻnalishlar rivojiga eng quyi boʻgʻindan boshlab jiddiy eʼtibor qaratiladi.

Bu borada mahalla fuqarolar yigʻinlari raislariga muhim vakolatlar ham berilganki, bu shubhasiz, ularning xalqimiz, jamoatchiligimiz oʻrtasidagi obroʻ-eʼtiborini oshirishga xizmat qiladi. Deylik, mahalla raisi hududdagi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori faoliyatini oʻzaro hamkorlikda, uygʻun holda tashkil etish uchun masʼul etib belgilangani bir musht boʻlib, aniq maqsad sari birgalikda harakat qilish, koʻproq amaliy natijalarga erishish imkonini beradi.
Bugun har bir soha, har bir jabhada tashabbus koʻrsatish mahalla raislaridan davrning oʻzi talab etayotgan mezon. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, Prezidentimiz tomonidan imzolangan tegishli hujjatlarga muvofiq, mahalla raislari yangicha yondashuv, yangicha tizim asosida ishlamoqda. Aholi bandligini taʼminlashga esa alohida eʼtibor qaratilayotir.

Birgina Toshkent viloyatining Chinoz tumanini olaylik. Bu hudud oʻzining dehqonchilik anʼanalariga ega. Yer tilini biladigan mirishkorlar koʻp. Ammo hayot bir joyda toʻxtab turmaydi, izlanish, intilish har kuni kerak. Shu bois mahalla raisi bosh boʻlib, tomorqalardan foydalanishni yangi, yuqori bosqichga olib chiqish, zamonaviy qishloq xoʻjaligi loyihalarini hayotga tatbiq etishda aholiga eng yaqin koʻmakchi boʻlmoqda.
Ayni kunga kelib mahallalardagi koʻplab xonadonlarda issiqxonalar mavjud. Yetishtirilgan mahsulotga xaridor topish, xoʻjaliklarni kengaytirish, imtiyozli kredit olish singari koʻplab yoʻnalishlarda yordam berilmoqda. Shu asosda ilgari ishsiz boʻlgan aholi bandligi
Yoshlar mavzusiga toʻxtaladigan boʻlsak, ularning boʻsh vaqti mazmunli, foydali va albatta, qiziqarli oʻtishi uchun mahallalarda sharoit yaratish kerak. Mazkur dolzarb vazifa mahallalardagi yoshlar yetakchilariga ishonib topshirilgan. Tuman mahallalarida bu borada aniq reja asosida ish olib borilyapti. Turli koʻrik-tanlovlar, koʻrgazmali chiqishlar, xalq oʻyinlari, ijodiy bellashuvlar, ommaviy sport tadbirlari oʻtkazilayotgani oʻsib kelayotgan yoshlar uchun har tomonlama foydalidir.

Mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish darajasi bilan bevosita bogʻliq. Shu bois ushbu masalaga ustuvor vazifa sifatida eʼtibor berilmoqda. Mahallada yangi ish boshlagan koʻp tarmoqli tibbiyot markazi ana shu maqsadga xizmat qiladi. Bu zamonaviy shifoxona ilk ish kunida nuroniy hamda keksalarni qabul qilib, ularga xizmat koʻrsatishni boshladi. Bu yurtimizda insonga, keksalarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikning yana bir ifodasi boʻldi.
Mahalla ajdodlarimizning yuksak tafakkurini, urf-odatlar va anʼanalarini oʻzida mujassam etgan, jahon ahli havas qiladigan ezgu qadriyatlarimiz koʻzgusidir. Bugungi kunda ushbu noyob tuzilmaga yangicha maʼno-mazmun baxsh etilayotgani inson qadrini ulugʻlash, odamlarni hayotdan rozi qilish, ertangi kunga ishonch bilan harakat qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring