“Yuqori Toʻpalang”da ilk bor qor qoploni fotoqopqonga muhrlandi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Sariosiyo tumanidagi “Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻining “Tamshush” hududida, 3500-4000 metr balandlikda oʻrnatilgan fotoqopqon yordamida birinchi marta qor qoploni tasvirga olindi.
Mutaxassislarning fikricha, qor qoplonlarining yashash areali soʻnggi yillarda turli omillar — iqlim oʻzgarishi, inson omili va tabiiy resurslarning kamayishi sababli qisqarib bormoqda. Shu bois bu mushuksimon jonivorni himoya qilish va uning tabiiy yashash muhitini asrash masalasi global ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu noyob jonzot Oʻzbekiston Qizil kitobiga, IUCN Qizil roʻyxatiga va CITES I ilovasiga kiritilgan boʻlib, yoʻqolib ketish xavfi ostidagi turlar qatorida qayd qilingan.
— Qor qoplonining mazkur hududda tasvirga olinishi tabiatni muhofaza qilish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar natijasi, albatta, — deydi Surxondaryo viloyati ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi matbuot kotibi Temur Gʻoyibnazarov. — Ushbu hodisa mintaqadagi biologik xilma-xillikni oʻrganish va qor qoplonlarining yashash muhitini chuqurroq tadqiq qilish uchun muhim imkoniyat yaratadi. “Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻida qor qoplonining soni hozircha 4 bosh ekani aniqlangan.
“Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻi Markaziy Osiyoning eng muhim tabiiy hududlaridan biri boʻlib, noyob flora va faunaga ega. Bu yerda qor qoplonidan tashqari, togʻ echkisi, togʻ qoʻyi, turli yirtqich qushlar va boshqa kamyob hayvonlar ham uchraydi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring