“Yuksalish” umummilliy harakati “Hayot ulash” xayriya aksiyasini eʼlon qilmoqda
Sir emas, suv tanqisligi masalasi allaqachon umumbashariy ekologik muammolardan biriga aylangan. Afsuski, bu muammo Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtgani yoʻq. Muammoning oldini olish boʻyicha mamlakatimizda zarur choralar ham koʻrilyaptiki, bu kelajagimiz uchun gʻoyatda zarur.
Soʻnggi 6 yil davomida ichimlik suvi sohasiga davlat byudjetidan 14 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratildi. Bu oldingi yillarga nisbatan 6 baravar koʻp. Bu davrda ilk bor 1000 ta mahalladagi 6,5 million aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Shunday boʻlsada, bu yoʻnalishda koʻp masalalar oʻz yechimini kutmoqda. Yurtimizda hanuzgacha ichimlik suvi sutkasiga 4-6 soat beriladigan, markazlashgan taʼminot yoʻlga qoʻyilmagan, yoshlardan tortib nuroniylarigacha yoki bogʻcha, maktab va tibbiyot muassasalari suvni bir necha kilometr masofadan tashib kelishga majbur boʻlayotgan hududlar bor. Ayrim viloyatlarimizda ichimlik suvi taʼminoti 60 foizdan kam.
Ular uchun toza suv manbasini topish zarur! Shu maqsadda “Yuksalish” umummilliy harakati “Hayot ulash” xayriya aksiyasini eʼlon qilmoqda.
Bunga qadar Harakat tomonidan maʼsul davlat idoralari ishtirokida respublikamizning 14 ta hududidagi chekka mahallalarda ichimlik suvi taʼminoti bilan bogʻliq vaziyat, quduq qazish, filtr oʻrnatish ishlari oʻrganildi. Soʻng suv chiqarish mumkin boʻlgan birlamchi roʻyxat shakllantirildi.
“Hayot ulash” aksiyasiga dastlab Xorazm viloyatida start beriladi. Oktyabr oyi davomida suv chiqarish ishlari Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida davom ettiriladi.
Birinchi bosqichda ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlagan tadbirkorlar, homiylarning xayriya mablagʻlari sarflanadi. Natijada 9 700 dan ziyod nafar aholi obihayotdan bahramand boʻlish imkoniga ega boʻladi.
Aksiyaning keyingi bosqichlarida boshqa hududlarni ham qamrab olish rejalashtirilgan. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax, Buxoro viloyatlarining chekka qishloqlarida suv manbalarini topish ishlari yakuniga yetgan.
Shu tariqa xayriya aksiyasi davomida jami 40 mingga yaqin aholiga ichimlik suvi yetkazib berilishi koʻzda tutilgan.
Aksiya doirasida kelib tushgan va sarflangan mablagʻlar toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlar Hayotulash.uz saytida hamda @hayotulash telegram kanalida doimiy eʼlon qilib boriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring