Yozyovonda yoshlar sayli o‘tkazildi
Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumani markaziy istirohat bog‘ida «O‘zbekiston – yoshlar mamlakati» shiori ostida yoshlar sayli bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida tuman yoshlari ishtirokida «Ibrat farzandlari», «Siz kutgan mehmon» kabi loyihalar, «Konstitusiya bilimdoni» viktorinasi, mahoratli sportchilardan mahorat saboqlari hamda shaxmat-shashka, kamondan otish bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi.
Istirohat bog‘iga kiraverishda 80 o‘rinli mobil kino uyi o‘rnatilib, tadbir ishtirokchilariga bepul kinofilmlar namoyish etildi.
Shuningdek, tumanda “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri ham yig‘ilganlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Bayram tadbirida ilm-fan, sportning turli yo‘nalishlarida g‘olib bo‘lgan tuman yoshlariga Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, Yozyovon tumani hokimi Dilshodjon Jalilov pul mukofoti, diplom hamda esdalik sovg‘alarini topshirishdi.
Stadionga o‘rnatilgan sahnada oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari Konstitusiyamizga kiritilayotgan yangilik va o‘zgarishlar mohiyatini sharhlab berishdi. El suygan aktyoru aktrisalar, xonandalar o‘zlarining Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlari bilan barchani xushnud etishdi.
- Bugungi kunda tengdoshlarimiz turli sohalarda o‘z iste’dodlarini namoyon etib, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda,-deydi yozyovonlik yosh ijodkor Qobiljon Shermatov. – Xususan, keyingi yillarda bir necha she’riy kitoblarim bepul nashr etilib, mamlakatimiz bo‘ylab ta’lim muassasalari va kutubxonalarga yetkazib berildi. O‘tgan yili respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi sifatida munosib taqdirlandim.
Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring