Yostiq ostidagi gazeta

10:32 27 Aprel 2021 Jamiyat
812 0

Gʻijduvon tumanidagi “Havzak” mahalla fuqarolar yigʻini Darsozlar qishlogʻida yashagan Karim Ashurovning bolaligi ogʻir kechdi. Besh yoshida otasidan ajradi. Keyin esa... bir burda qora non ilinjida daladan beri kelmadi. Yozda yalangoyoq yurdi. Qishda oyogʻiga boʻz oʻradi. Onasining qanotiga kirdi.

Oʻnlab oʻspirinlar qatori tirishib-tirmashib yurgan Karimni oldinda noming oʻchgur urush kutib turardi. 1944-yilda u ham frontga otlandi. Urush dahshatlarini boshidan oʻtkazdi. Taqdir inoyati bilan omon qaytdi. Uylandi. Turmush oʻrtogʻi Bibirajab aya bilan besh farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi.

Karim bobo 91 yoshga kirganida u haqida gazetada ixchamgina bir maqola chop etildi. Otaxon suyunganidan oʻzini qoʻyarga joy topolmay yurdi. Qarindosh-urugʻlar, qadrdonlar, qishloqdoshlarga gazetani koʻrsatar, nevaralaridan shu maqolani qayta-qayta oʻqib berishni soʻrardi.Keyin gazetani avaylab yostigʻi ostiga qoʻyib qoʻyardi.

Har gal 9-may kuni tabarruk yoshdagi otaxonning xonadoniga oʻnlab kishilar sovgʻa-salom bilan kelishar, ammo ne ajabki, bu sovgʻalar qushdan ham yengil bir gazetachalik tosh bosolmasdi.

— Bir kuni “Bobojon, keling, shu gazetani ramkaga solib beray. Devorga osib qoʻyamiz. Shundoq koʻz oʻngingizda turadi”, dedim, — deya eslaydi otaning nevarasi Dilnoza Ashurova. — Shunda u kishi “Yoʻq, yostigʻimning tagiga turgani maʼqul. Koʻnglim orom topadi”, deb koʻnmadilar.

Hayot juda beshafqat. U urush changalidan omon qolganlarni ham ayab turmaydi.

Paymonasi toʻlganini anglagan ota uydagilarning barchasini yonlariga chorladi. Soʻng Dilnozaga qarab, “Qizim, oʻsha gazetani yana bir oʻqib ber”, dedi.

Dilnoza otaning urushdagi judoliklar, tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetish lozimligi haqidagi soʻzlari bitilgan maqolani baland ovozda oʻqib berdi. Karim ota uni jon qulogʻini berib tingladi. Tingladiyu koʻzidan bir tomchi yosh oqdi. Bu soʻnggi koʻz yoshi edi. Otaxon jon berdi.

— Har safar bobojonimizni eslaganimizda, u kishi yostiqlari ostida asragan oʻsha gazetani qoʻlimizga olamiz, — deydi Dilnoza. —Farzandlarimizga uni qayta-qayta oʻqib beraman. Shunda quloqlarim ostida bobomning “Baraka top, qizim”, degan soʻzlari yangragandek tuyuladi.Qushdek yengil tortaman.

Istam IBROHIMOV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер