“Yoshlik” zamonaviy stadionga aylanadi
Foto: "Xalq soʻzi"
Toʻraqoʻrgʻon shahridagi “Yoshlik” stadioni uzoq yillar davomida futbol ishqibozlarining sevimli maskani boʻlib kelgan. Oʻz davrida shu nomdagi jamoa nufuzli musobaqalarda yuqori oʻrinlarni zabt etib, shon-shuhrat qozongan.
Biroq, keyingi yillarda bu maskan taʼmirtalab holga keldi. Endi u Prezidentimizning “2022-2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida mukammal taʼmirlanadi. Buning uchun respublika byudjetidan 4 mlrd. 600 mln. soʻm, mahalliy byudjetdan 1 milliard 400 million soʻm mablagʻ ajratilgan. Amaliy ishlar boshlanib, hozirgacha ochiq suv havzasi va maʼmuriy binolar, kiyim almashtirish xonasi, dushxona va boshqa bir qator obyektlar soz holatga keltirildi.
2024-yilning dastlabki oyida ish yanada jadal tus oldi. Navbat oʻyingohning tomoshabinlarga moʻljallangan oʻrindiqlarini zamonaviysiga almashtirish, mashgʻulotlarni kuzatib borish uchun katta monitor oʻrnatish va sportchilarga yotoqxona tashkil etishga qaratilgan.
“Yoshlik”da taʼmirlash nihoyasiga yetgach, imkoniyatlar yanada kengayadi. Oʻyingoh yaqin vaqt ichida viloyatning “Navbahor” jamoasi uchun “fanklub”, yaʼni, futbolchilar tayyorlaydigan maskan sifatida faoliyat olib boradi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring