Yoshlarimiz sifatli taʼlim olishga munosib
Mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari jahon reytingida tobora yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. Bu talabalar safining kengayishiga, ular orqali iqtisodiyotimiz rivojlanishiga sabab boʻladi. Har ikkala jihatda ham ustozlar zimmasiga ulkan vazifalar, masʼuliyat yuklanadi. Shu bois oʻqituvchilar malakasini oshirish, ilmiy izlanishlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mavjud imkoniyat, sharoit, talab va ehtiyoj mening ham bilim va tajribamni yanada shakllantirishga, shu orqali yoshlarga munosib taʼlim berishga undadi. Natijada faoliyatim davomida 100 dan ortiq ilmiy maqolalar va uslubiy qoʻllanmalar yaratdim. “Yarim oʻtkazgichli asboblar”, “Yarim oʻtkazgichli asboblar va ularning fizik xususiyatlari”, “Avtomatik boshqarish nazariyasi” fanlari boʻyicha tayyorlangan darsliklarim, nafaqat, Oʻzbekistonda, balki, qoʻshni davlatlarda ham keng qoʻllanilmoqda. Bundan tashqari, 2 ta dasturiy vosita uchun guvohnoma sohibiman. “Doʻst yoki dushman”, “Gallar Eliksiri”, “Texnik insho” kabi innovatsion oʻqitish metodikalariga asos soldim. Oxirgi 5-yilda 70 dan ortiq ilmiy maqola, risola va uslubiy qoʻllanmalar yaratdim. Ilmiy maqolalarimning 17 tasi respublika va 10 tasi xalqaro ilmiy jurnallarda, 25 tasi xalqaro, 8 tasi respublika anjumanlari toʻplamlarida chop etildi.
Hozirda “Texnika oliygohlari magistratura talabalari uchun mutaxassislik fanlarini oʻqitishni innovatsion usullar asosida takomillashtirish” mavzusida ilmiy tadqiqot ishi olib bormoqdaman. Kafedra qoshidagi “Sunʼiy intellekt” toʻgaragi talabalarining ilmiy loyihasiga rahbarlik qilyapman. Talabalar bilan birgalikda “Sunʼiy intellekt yordamida yuz mimikasi orqali soʻzlarni tanib olish”, “Sunʼiy intellekt yordamida kasallik belgilariga qoʻra tashxis qoʻyish”, “Intellektual oʻqituvchi animator” loyihalariga rahbarlik qilib kelmoqdaman. Yoshlarga taʼlim berishda zamonaviy pedagogik texnologiyalar, eng soʻnggi axborot manbalari hamda noanʼanaviy mashgʻulot turlaridan samarali foydalangan holda talabalarning intellektual salohiyatini oshirishga harakat qilyapman.
Prezidentimizning “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan taʼlim-tarbiya tizimida alohida oʻrnak koʻrsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Bu aslida yosh avlod tarbiyasiga masʼul boʻlgan barcha fidoyi ustozlarga berilgan yuksak bahodir. Menga bildirilgan ishonch kelgusida bundan samarali xizmat qilishga undaydi.
Saidaxon ATAJONOVA,
Andijon mashinasozlik institutining axborot
texnologiyalari kafedrasi mudiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring