Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda Yoshlar parlamentining oʻrni muhokama qilindi
2020-yil 26-avgust kuni Oliy Majlis Senati huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirokida “Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda Yoshlar parlamentining oʻrni va istiqboldagi dolzarb vazifalar” mavzusida onlayn davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Unda Senat aʼzolari, Yoshlar ishlari agentligi, “Yuksalish” umummilliy harakati rahbarlari va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Senat Raisi T.Narbayeva oʻz nutqida Yoshlar parlamentini tashkil etish tashabbusi davlatimiz rahbari tomonidan qoʻllab-quvvatlangani, qolaversa, bu yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati yangi sifat bosqichiga koʻtarilganidan dalolat ekanini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Yoshlar parlamentining har bir aʼzosi oʻzi istiqomat qiladigan hudud yoshlariga tegishli muammolarini oʻrganib, uning sabablarini aniqlashi, ushbu muammolarni yoshlar oʻrtasida muhokama qilib, bartaraf etish yuzasidan oʻz takliflarini Senatga hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga taqdim etib borishi zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, Yoshlar parlamenti qonun ijodkorligida yoshlarning ishtirokini taʼminlash, boʻlgʻusi Senat aʼzolari hamda siyosatchilarni tayyorlash, yaʼni kadrlar zaxirasini shakllantirish, yoshlarni ulkan maqsad va aniq loyihalarga yoʻnaltirib borish kabi vazifalarni bajarishiga urgʻu berildi.
Davra suhbatida Yoshlar parlamenti raisi soʻzga chiqib, ushbu tuzilma komissiyalarining kelgusidagi vazifalari, parlament ish rejasi va reglamenti loyihalari borasida soʻz yuritdi.
Xususan, Yoshlar parlamenti aʼzolari Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni chinakam xalq harakatiga aylantirish, hududlardagi “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari” va “Bir million dasturchi” loyihasiga oʻgʻil-qizlarni keng jalb etish, muhokamaga qoʻyilgan qonun loyihalarida joylardagi yoshlar manfaatlari ifoda etilayotganini tahlil qilib borish nazarda tutilgan. Qolaversa, “Mehribonlik” uylari bitiruvchilari hamda imkoniyati cheklangan yoshlarni jamiyatga moslashuviga koʻmaklashish, gender tenglikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarda faol qatnashish kabi rejalarni ustuvor maqsad qilib belgilangan.
Shuningdek, tadbirda Senatning har bir qoʻmitasi Yoshlar parlamenti bilan yaqin hamkorlikda ishlashi zarurligi taʼkidlanib, komissiyalar tegishli qoʻmitalarga biriktirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring