Yoshlar taʼlim-tarbiyasi uchun sharoitlar, fuqarolar sogʻligʻini saqlashga oid kafolatlar

10:43 26 Aprel 2023 Siyosat
641 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov va bir guruh deputatlar Namangan viloyatida taʼlim, tibbiyot xodimlari, nuroniylar hamda mahalla faollari bilan uchrashib, yangilanayotgan Konstitutsiyadan oʻrin olgan qoidalar, ularning mazmun-mohiyati, ahamiyati haqida keng maʼlumotlar berdi.

Shuningdek, demokratiyaning eng muhim shartlaridan biri hisoblangan, davlat va jamiyat ahmiyatiga molik masalalarni hal qilishda xalqning bevosita ishtirokini ifodalaydigan referendumning ahamiyati haqida fikrlar yuritildi.

Muloqotlarda fuqarolar Bosh qomusimizning yangi tahririda aholining fikri, xohish-irodasi aks etgani, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ruhi ifodanganini eʼtirof etib, yangilanayotgan Konstitutsiya inson qadrini ulugʻlaydigan, mamlakat rivojiga xizmat qiladigan muhim hujjat boʻlishini taʼkidladilar.

Shohista TOSHPOʻLATOVA, Uchqoʻrgʻon tumanidagi 5-maktab direktori oʻrinbosari:

— Bugungi zamon yoshlari dunyoqarashi keng, qatʼiyatli, oʻz maqsadi sari harakat qiladigan, muammoni ijobiy yechadigan komil inson boʻlishi kerak. Bunda, albatta, taʼlim va tarbiya muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda taʼlim sifatini yaxshilash, oʻqituvchilar kasbini ulugʻlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangilanyotgan Konstitutsiyamizda ham mulkimiz butun, bolalarimizning taʼlimi va tarbiyasi uchun sharoitlar, sogʻligimizni saqlashga kafolatlar oʻz aksini topyapti. Demak, hammamiz kelajagimizga befarq boʻlmagan holda referendumda faol boʻlishimiz kerak.

Muxarramxon IBRAGIMOVA, Uchqoʻrgʻon tumanidagi “Eshontoʻpi” MFY raisi:

— Soʻnggi yillarda yurtimizda mahallalar hayotida katta oʻzgarishlar boʻlyapti. Jumladan, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektoridan iborat “beshlik” joriy etilgani, mahallalarning oʻz mablagʻiga ega boʻlishi, yaʼni, soliq tushumlarining maʼlum bir qismi mahalla ixtiyorida qoldirilishi kabi islohotlar mahalla institutining samarasini oshirmoqda.

Eʼtiborlisi, oʻziga xos boshqaruv tizimi — “beshlik” hamkorligi natijasida mahallamizda ijtimoiy, iqtisodiy, maʼnaviy muhit ijobiy tomonga oʻzgardi. Aholini oʻylantirayotgan masalalar joyida hal etilib, ularga koʻmak berilyapti. Yangilanayotgan Bosh qomusimizda farzandlarimizni uy-joy bilan taʼminlash, ularning taʼlim olishlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratish hamda boshqa ijtimoiy kafolatlar belgilanmoqda.

Mahallamiz ahli bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda fuqarolar kiritilayotgan yangi normalardan mamnun ekanliklarini bildirib, Konstitutsiyani toʻla qoʻllab-quvvatlashlarini qayd etishmoqda.

Belimxon BAGISHEVA, xalq deputatlari Chortoq tumani Kengashi deputati, “Sozsoy” MFY xotin-qizlar faoli:

— Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi tufayli qardosh xalqlar bilan bordi-keldimiz jadallashdi, chegaralar erkinlashdi, har sohada aloqalarimiz ravnaq topmoqda. Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari oʻrnatildi, chegaralar ochildi, bu bilan mintaqa xalqlari hayotida oʻzaro ishonch va doʻstlikka asoslangan yangi davr boshlandi, desam, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Bu kabi islohotlardan biz juda xursand boʻldik.

Sababi, Qirgʻis Respublikasida qarindosh-urugʻlarimiz bor. Ularning toʻy-marakalarida qatnashib, bir-birimizning holimizdan doimiy xabarlashib turibmiz. Bir soʻz bilan aytganda, azaldan bir-biri bilan qarindosh-urugʻ, quda-anda boʻlib kelgan xalqlar oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar yana qaytadan tiklandi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham qoʻshni davlatlar bilan hamkorlik, oʻzaro bir-birini qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosidagi doʻstona munosabatlarni mustahakamlash oʻz aksini topmoqda. Biz mamlakatimizdagi tinchlikni qadrlashimiz kerak va shu tinchlikni taʼminlashning muhim huquqiy asosi – Konstiutsiyamizni qoʻllab-quvvatlashimiz lozim.

Tohirjon ISMATILLAYEV, Uychi tuman Nuroniylar jamoatchilik Kengashi raisi:

— Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz oʻz ruhi va mazmuniga koʻra davlat vakolatlarini himoya qiluvchi emas, balki oddiy fuqarolarning huquqlarini kafolatlovchi hujjat ekanligi bilan gʻoyat ahamiyatlidir. Unda pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordamning miqdorlari eng kam isteʼmol harajatlaridan oz boʻlishi mumkin emasligi mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Mazkur norma aholining turmush darjasini yaxshilash, sogʻligʻini, mehnat qilish salohiyatini saqlagan holda jamiyatning hech bir aʼzosini eʼtibordan chetda qolmasligini anglatadi. Ishonchim komilki, referendum yuksak koʻtarinkilik ruhida oʻtadi.

Nafisa MAMASOLIYEVA, xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi deputati:

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda jamiyatning barcha qatlamlari manfaatlari inobatga olinyapti.

Inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar bir necha karraga, oʻz navbatida davlatning ham xalq oldidagi majburiyati bir necha baravarga oshmoqda. Chunki, Konstitutsiya loyihasini ishlab chiqishda “inson manfaati har narsadan ustun” degan mezon asos qilib olingan. Shu bois, Bosh Qomusimizni tom maʼnoda xalq Konstitutsiyasi boʻlmoqda, desak, aslo xato boʻlmaydi.

Hududdagi uchrashuv va muloqotlar davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер