“Yoshlar kuni” munosabati bilan tdauda ochiq muloqot va kasbiy-madaniy ushrashuv tashkil etildi

22:54 03 Aprel 2026 Jamiyat
491 0

Bugun Toshkent davlat agrar universitetiga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq Xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov tashrif buyurdi. Mehmonlarni universitet rektori Narzullo Oblomurodov kutib oldi.

Dastlab talaba-yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va jamoat tartibini saqlashda faol ishtirok etayotgan “Qalqon” jamoatchilik guruhi aʼzolari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida yoshlar oʻrtasida qonun ustuvorligini taʼminlash, universitet hududida tartib-intizomni saqlashda talaba-koʻngillilarning oʻrni va ularga yaratilgan sharoitlar oʻrganildi.

Jarayon davomida universitet hududida tashkil etilgan ilmiy ishlanmalar koʻrgazmasi bilan yaqindan tanishildi. Shu bilan birga, yoshlar tomonidan startap loyihalar taqdim etildi, xususan: innovatsion agronomiya, ekologik muammolar yechimi hamda asalarichilik yoʻnalishidagi startaplar alohida taqdimoti oʻtkazildi. Rahbarlar fakultetlar – bogʻdorchilik, oʻrmonchilik, oʻsimliklarni himoya qilish, veterinariya, ipakchilik hamda oziq-ovqat texnologiyalari tomonidan olib borilayotgan ilmiy loyihalar bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv doirasida universitetga biriktirilgan mahallalar yoshlari, umumtaʼlim maktablari direktorlari, universitetning iqtidorli talabalari, mahallalardagi uyushmagan yoshlar va maktab bitiruvchilari bilan ochiq va samimiy muloqot oʻtkazildi. Xalqaro til oʻrgatuvchi malakali oʻqituvchilar yoshlarga xorijiy tillarni oʻrganish, global taʼlim imkoniyatlaridan foydalanish va zamonaviy kasb hamda koʻnikmalarni egallash yuzasidan tavsiyalar berdi.

Ishtirokchilar universitet hududida barpo etilgan zamonaviy “Renessans” maʼruzalar majmuasi bilan tanishib, undagi sharoitlar va ilgʻor taʼlim infratuzilmasini koʻzdan kechirdi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi sohasi muzeyiga tashrif buyurilib, agrar sohaning tarixiy rivoji, ilmiy yutuqlari va innovatsion yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot olindi.

Shu bilan birga, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida universitet hududida daraxt ekish marosimi amalga oshirildi, archa koʻchatlari ekilib, yashil hududlarni kengaytirishga hissa qoʻshildi.

Jarayon davomida “Oltin Qanot” klubi aʼzolari va talaba-yoshlar tomonidan yaratilgan asarlar mehmonlarida katta qiziqish uygʻotdi. Talabalarning chizgan rasmlari va texnikum talabalari loyihalari yuqori baholandi. Universitet Bosh binosida “Ona” siymosi atrofida sheʼrlar va jonli qoʻshiqlar ijro etildi, Boʻston ansambli milliy kuy va navolar bilan tadbirga rang-baranglik qoʻshdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan haftaning har payshanbasi “Yoshlar kuni” deb belgilangani munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov, Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Ramazon Ashrapov, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Umida Abdullayeva hamda universitet rektori Narzullo Oblomurodov ishtirok etdi. Samimiy ruhda oʻtgan muloqotda savol-javoblardan soʻng, ilm-fan va jamoat ishlarida oʻzini koʻrsatgan bir guruh faol talabalar munosib taqdirlandi.

Bugungi uchrashuv va tadbirlar yoshlar bilimini oshirish, ularning ijodiy va kasbiy salohiyatini roʻyobga chiqarish, shuningdek, jamiyatda faol va masʼuliyatli fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda muhim platforma boʻlib xizmat qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер