Yoshlar yetakchilarining bilimi oshirildi

20:46 18 Iyul 2022 Jamiyat
3457 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida 13-17-iyul kunlari Yoshlar ishlari agentligining hududiy boʻlimlari, Mahalladagi yoshlar yetakchilari bilan ishlash, “Yoshlar balansi” va “Yoshlar daftari”ni muvofiqlashtirish shoʻbalari mudirlari uchun oʻquv-seminar tashkil etildi.

Seminarda vazirlik, tashkilotlar rahbarlari, ilmiy izlanuvchilar, yosh davlat xizmatchilari, keng jamoatchilik vakillari hamda OAV xodimlari qatnashdi.

Mazkur oʻquv-seminarni oʻtkazishdan maqsad “Yoshlar balansi” va “Yoshlar daftari” platformasini mahallalarda yuritish, yigit-qizlar oʻrtasida besh bosqichli “5 tashabbus olimpiadasi” doirasidagi tadbir va musobaqalarni tizimli tashkil etish, yoshlar yetakchilarining “yoshlar dasturi”ni ishlab chiqishi va meʼyoriy hujjatlar bilan ishlash koʻnikmalarini oshirishdan iborat.

Oʻquv mashgʻulotlari davomida tinglovchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan javob oldi. Ochiq, doʻstona, samimiy ruhda oʻtgan muloqotlarda respublikaning barcha hududidan yigʻilgan yosh davlat xizmatchilari oʻzaro tajriba almashdi. Davlat fuqarolik xizmati sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.

— Bizning vazifamiz yangi yosh isteʼdodlarni kashf etish, ularning ilmiy va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish hamda mamlakatdagi yangilanishlarga faol jalb qilishdir, — deydi Oʻzbekiston yoshlar ishlari agentligi mahalladagi yoshlar yetakchilari bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi Sherzod Olimov. — Agar hududlardagi xodimlar oʻrtasiga oʻzaro doʻstona muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻya olsak, bu borada koʻzlangan natijaga erisha olamiz. Mazkur seminar ayni masalada bilim va tajribamizni boyitishi bilan ahamiyatlidir.

Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер