Yoshi ulugʻlarni yoʻqlashning savobi ulugʻ
Foto: Qudratilla Najmiddinov / Xalq so'zi
Mamlakatimizda davom etayotgan “Keksalar haftaligi” doirasidagi xayrli tadbirlar Namangan viloyatida ham keng jamoatchilik tomonidan uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Ibratli hayot yoʻlini bosib oʻtgan otaxon-onaxonlar xonadoniga yoʻqlovlar chogʻida koʻrsatilayotgan mehr-oqibatdan, taqdim etilgan tuhfalardan koʻngillar togʻday oʻsmoqda.
Mingbuloq tumanidagi Oʻrta qishloq mahallasida yashovchi Ibodatxon buvi Karimova 106 yoshga kirdi. Kuch-quvvatga toʻla yillari dalada ogʻir mehnatda oʻtgan onaxon bugun farzandlari, nevara-chevara va yaqinlari mehri ogʻushida keksalik mashaqqatlarini unutgan. Tuman hokimligi vakillari yoʻqlab kirgan kuni onaxonning ehtiromdan dili yanada yayrab ketdi. Davlatobod tumani Oʻrta Rovuston mahallasida umrguzaronlik qilayotgan Qumrixon aya Inomova ham Ibodat buvi bilan tengdosh. Onaxonning holidan mahalla faollari hamisha boxabar.
Viloyatda haftalik doirasida keksalarni chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tadbirlari, avlodlar uchrashuvi, shaxmat-shashka musobaqalari tashkil etilmoqda. Ellikdan ziyod keksalar poytaxtdagi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga sayohatga yuborildi. Chust tumanidagi bir qator maktablarda yuzlab oʻquvchilar “Bobomning aytishicha” mavzusida insho yozgan boʻlishsa, Mingbuloq tumanida “Salomatlik uchun besh ming qadam” aksiyasiga chiqqan nuroniylarning aksari hamon bardam ekanliklarini koʻrsatishdi.
– 288 nafar yolgʻiz keksalarga 30 nafar xodimimiz patronaj xizmati koʻrsatadi, - deydi Namangan viloyat tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi Toʻraqoʻrgʻon tuman boʻlimi rahbari Sanoat Qudratillayeva. – Joriy yilning oʻtgan oylarida 120 ga yaqin ehtiyojmand insonlarga reabilitatsiya vositalari yetkazib berildi. “Keksalar haftaligi”da yoshi ulugʻ otaxonu onaxonlarni yoʻqlash yanada faollashdi.
Viloyatda haftalik tadbirlari qizgʻin davom etmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring