Yosh tadbirkor 15 nafar kishini ish bilan taʼminladi
Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizning chekka-chekka hududlarida ham ishlab chiqarish korxonalari faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi aholini doimiy ish bilan taʼminlash, hududlarda xizmat koʻrsatish va servisni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shunday korxonalardan biri Shahrisabz tumanining Xontepa mahallasida “Ajx Zamin” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishga tushirildi.

— Loyihamizning umumiy qiymati 2 milliard 200 million soʻmni tashkil etdi, — deydi korxona rahbari Xurshid Amirqulov. — Bugun ishlab chiqarayotgan mahsulotingiz sifat, dizayn va narx borasida ham bozor raqobatiga dosh bera olishi zarur. Buning uchun ixtiyoringizda zamonaviy va tejamkor texnologiyalar boʻlishi kerak. Shu bois mebel mahsulotlari ishlab chiqarish sanoatida qoʻllaniladigan eng soʻnggi rusumdagi texnologiyalarni xarid qilganmiz. Unda yogʻochni kesish, silliqlash, presslash, turli shakllar berish, gul bosish va shu kabi barcha ishlar kompyuterlashgan tizimda, oʻta aniq oʻlchamda amalga oshiriladi.
Ayni paytda korxonada 10 turdan oshiq mebel mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Tayyor mahsulot peshma-pesh ichki bozorga yetkazib berilmoqda. Bu faoliyat ortidan 15 nafar kishining doimiy ish bilan bandligi taʼminlangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring