Yosh startapchi va tadbirkorlar uchun “CAʼ20” Xalqaro onlayn tadbirkorlik forumi tashkil etiladi
26-iyun kuni soat 14:00 da Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazining YouTube kanalida birinchi marotaba Oʻzbekiston Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Isroil tadbirkorlari ishtirokida “CAʼ20” nomli onlayn tadbirkorlik forumi tashkil etiladi.
Oʻrta Osiyo davlatlari oʻrtasidagi onlayn forumda yurtimiz vakillari mintaqada iqtisodiy muhitni yaxshilash boʻyicha turli yoʻnalishlarda oʻzaro onlayn muloqot olib borishadi. Xususan, TexnoPlaza, «Laboratoriya biznesa» hamda Ground Zero asoschisi Hikmat Abdurahmonov, Dekos, "Deli. Uz” hamda Mfaktor asoschilari Hasan va Husan Mamasaidovlar, ADWEEK reklama haftaligi asoschisi va Milliy Marketing Markazi rahbari Diyor Mirzaahmedov, IT Park Uzbekistan rahbari Farhod Ibragimov hamda Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi rahbari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi fuqarolik jamiyatini shakllantirish boʻyicha komitet aʼzosi Orian Mehroj Rashidovlar spiker sifatida qatnashadi.
Tadbir ochiq panel munozarasi shaklida oʻtib, unda mintaqaviy biznes muammolari, ishtirokchilarning keyslari, hayotiy tajribasi va mavjud muammolarning yechimlari muhokama qilinishi koʻzda tutilgan.
— Oʻrta Osiyo hududidagi tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish barcha MDH davlatlarining iqtisodiy oʻsishiga olib kelishi hech kim uchun sir emas, — deydi Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi rahbari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qoshidagi fuqarolik jamiyatini shakllantirish boʻyicha komitet aʼzosi Orian Mehroj Rashidov. — Oʻzbekistonning eng yaqin qoʻshni davlatlari bilan doʻstona munosabatda tadbirkorlik faoliyatini hamkorlikda olib borishi nafaqat yirik biznes egalariga, balki oʻrta va kichik biznes uchun ham kengroq imkoniyatlarni taqdim etadi, yangi bozorlarni ochadi, mijozlar sonini koʻpaytiradi. Oʻzbekiston biznesining potensialini yana-da ochib berish maqsadida mazkur forumni tashkil etyapmiz.
Xalqaro forumda Oʻrta Osiyo tadbirkorlari oʻrtasida mustahkam hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, yangi qoʻshma loyihalar tashkil qilinishiga zamin yaratish, mavjud biznes muammolarini muhokama qilish va ularga yechim izlash, kelgusida hamkorlikda tashkil etiladigan loyihalar toʻgʻrisida kelishuvlarga erishish ham rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, mamlakatlararo hamkorlikni va biznes jarayonlarni jadallashtirishdagi takliflar qabul qilinib, xalqaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish boʻyicha fikr almashiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring