Yodi ham, merosi ham umrboqiy 

15:15 21 Mart 2022 Jamiyat
897 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov 1941-yil 21-martda tavallud topgan. 
Xalqimiz ardogʻidagi ijodkor oʻzidan boqiy meros qoldirdi. Sheʼrlarida umumbashariy tushuncha va tuygʻularni, olijanob insoniy fazilatlarni, xalqimizning asriy orzu-armonlarini, kelajakka umid va ishonchini oʻziga xos sohir ovoz bilan baralla tarannum etdi. Shoir asarlarining umrboqiyligi boisi shunda.

MAFTUNINGMAN...
Maftuningman, baxt emgan diyor, 
Maftuningman, goʻzal, ona yurt.  
Sening bilan baxtim barqaror,  
Etolmayman mehringni unut.  

Yoshlik quvonch, shoʻxligi bilan, 
Qoʻshiq boʻlib kirdi yurakka.  
Gul yoshligim, maftuning boʻlib,  
Kuyching boʻlib yetdim tilakka.  

Bahor kelgach, shoshqin daryodek, 
Yuragimda toshar hissiyot.  
Gulga maftun – tebranar qalam,  
Nozik his-la mavjlanar ijod.  

Maftuningman, xayotim, sheʼrim, 
Maftuningman, goʻzal gulbahor.  
Sening oʻgʻling, maftuning boʻlib,  
Madh etishga seni xaqqim bor!

HAYOTNI SEV
Hayotni sev, 
Borligicha sev, 
Bir yon kulba, bir yon qalʼalar. 
Osmonlarning dargʻasiman, deb 
Uchib yurar lochin, qargʻalar. 

Hayotni sev,
Shodlik, kulfatda 
Bir yon ogʻu, bir yonda tabib. 
Bir yoningda gʻanim, albatta, 
Bir yoningda doʻstlar bor, habib. 

Hayotni sev,
Yozmi, qahraton, 
Har lahzada shukronalar ayt. 
Hatto Hajga borginu, shu on 
Sovimagan toʻshagingga qayt. 
Hayotni sev,
Toʻyib va toʻyib, 
Ota-onang, farzanding qadar. 
Desinlarki, sen koʻngil qoʻyib, 
Soʻng oʻzing ham boʻlding moʻtabar. 

Hayotni sev,
Bogʻlagin qanot, 
Fazoga ham uchgin tavakkal. 
Qattiqroq sev, seni shu hayot 
Yomon koʻrib qolmasdan avval.    
Abdulla ORIPOV,
Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер