Yashirilgan bola kiyim javonidan topildi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yaxshi orzu-umidlar bilan qurilgan bir oilaga darz ketdi, yosh kelin-kuyovning yoʻllari ayro tushdi. Turmush oʻrtogʻining yaqin qarindoshlari bilan doimiy kelishmovchiliklar sababli kelin ota uyiga ketishga majbur boʻldi. U qizalogʻi oʻzi bilan birga boʻlishini istardi. Biroq bola onasidan uzoqlashtirildi.
Fuqarolik ishlari boʻyicha Sherobod tumanlararo sudida bolani olib berish toʻgʻrisidagi daʼvo arizasi taraflar va xolislar ishtirokida koʻrib chiqildi. 2015-yilda tugʻilgan Sevara ona mehri va tarbiyasiga muhtojligi inobatga olingan holda sudning hal qiluv qarori bilan uni onasiga qaytarish boʻyicha ajrim qilindi. Sudning ijro hujjati MIBning tuman boʻlimi ish yurituviga qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishildi. Biroq qizaloq otasi tomonidan boshqa manzilda yashirilib kelingani sababli voyaga yetmagan bola qidiruvi eʼlon qilindi.
MIB viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir natijasida Termiz shahar Navroʻz mahallasida joylashgan koʻp qavatli uydagi xonadonlardan birida qizaloq otasi bilan yashayotgani aniqlandi. Uy eshigi ixtiyoriy ravishda ochilmaganidan keyin xolislar ishtirokida majburiy tartibda ochildi. Kiyim javonida yashirilgan bola topilib, sogʻ-salomat onaga qaytarilishi taʼminlandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring