“Yashil qoplama” qum boʻronlarining oldini oladi
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Jarqoʻrgʻon tumanining “Kattaqum” massividagi 50 gektarlik yer maydonida saksovuldan ihotazor barpo etilmoqda.
— Iqlim oʻzgarishida tuz va qum boʻronlari oldini olish muhim oʻrin tutadi, — deydi Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasining maʼmuriy amaliyot boʻyicha bosh mutaxassisi Ixtiyor Ergashev. — Bu kabi salbiy holatlar viloyatimizning ayrim hududlarida, ayniqsa, Termiz shahrida tez-tez kuzatiladi. 10–14 metr sekund tezlikdagi shamollar sabab shaharda yuzaga keladigan qum boʻronlari natijasida havo tarkibida chang miqdori meʼyordan ancha ortadi. Shu bois saksovul kabi choʻl oʻsimliklarini koʻpaytirish orqali koʻchma qumlarni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratmoqdamiz.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, saksovul ihotazorlari yerning ustki qismida shamol tezligini kamaytirish imkonini ham beradi. 3-yillik saksovulzorda qum koʻchishi 55 foizga, 5-yillikda esa 79,5 foizga kamayadi.
— Tabiat, ekologiya butun insoniyat uchun muhim mavzular, — deydi viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi matbuot kotibi Temur Gʻoyibnazarov. — Shu bois sohaga doir muammolar ham jiddiy yondashishni talab qiladi. Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni asrash, talafotlarni oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Bu boradagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida boshqarmaning barcha xodimlari ishtirokida hashar uyushtirilib, kun davomida 50 gektarlik yer maydonida 50 ming tup saksovul koʻchatlari ekildi.

Saksovulning ildizi baquvvat. Uning bir tupi 10 tonnagacha qumni mustahkamlab, koʻchkilarga yoʻl bermaydi. Ildizi tuproqqa chuqur kirib, gorizontal yoʻnalishda sakkiz metrgacha yetadi. Shu bois “yashil qoplama” yerni mustahkamlab, qum boʻronlarining oldini olishda katta ahamiyatga ega.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring