“Yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlar foyda soligʻidan ozod etilishi mumkin

14:10 26 Dekabr 2023 Siyosat
370 0

Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham quyi palata majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Ushbu qonun loyihasi bilan amaldagi qonunchilikka “yashil energiya” sertifikatlari tushunchasini kiritish hamda bunday sertifikatlarni berish va muomalaga kiritish tartibiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolati Vazirlar Mahkamasiga berilishi nazarda tutilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilganligini tasdiqlovchi elektron hujjat “Yashil energiya” sertifikati sifatida qayd etilishi taklif etilmoqda.

Shuningdek, quvvati 300 kVt va undan yuqori boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi tizimiga ulash maxsus vakolatli davlat organida roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyingina amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksiga “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlar foyda soligʻidan ozod etilishini nazarda tutuvchi qoʻshimcha kiritilishi koʻzda tutilmoqda.

Deputatlarning taʼkidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligini bartaraf etish, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda investorlar uchun qulay sharoitlar va ragʻbatlantirish mexanizmlarini belgilash imkonini beradi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер