Yaponiyada Rishton kulolchiligi va pazandachiligi targʻib etilmoqda

12:22 19 Fevral 2025 Jamiyat
335 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Rishton tumanida tugʻilib, kamolga yetgan Dilora Mansurova taqdir taqozosiga koʻra, bir necha yillardan buyon Yaponiyada istiqomat qiladi. U oʻtgan yillar mobaynida koʻngilli ravishda kunchiqar mamlakatda Rishton turizmi elchisi sifatida faoliyat koʻrsatib, qadrdon goʻshaning kulolchiligi va pazandachiligini targʻib etib kelmoqda.

— Yaponiyaning men yashayotgan Gifu prefekturasi ham dunyoda oʻzining kulolchilik mahsulotlari bilan mashhur, — deydi deydi Dilora. — Shu bois bu hudud aholisi Rishton tumani kulolchiligiga juda qiziqadi. Yurtimizga kelayotgan va kelish istagidagi mahalliy sayyohlarga tumanimizdagi tarixiy-madaniy yodgorliklar, kulolchilik mahallalari, taniqli kulollar hamda milliy bayramlar va taomlarimiz haqida qiziqarli maʼlumotlar beramiz.

Gifu prefekturasi masʼullari koʻmagida muntazam ravishda mahalliy aholi vakillari uchun Rishton kulolchiligi hamda milliy pazandachilik yoʻnalishida mahorat darslari oʻtkazamiz. Natijada keyingi yillarda nafaqat ushbu hududda, balki butun Yaponiya boʻylab mamlakatimizga kelish istagidagi sayyohlar salmogʻi oshib bormoqda.

—Yaqinda oʻzbek taomlarini pishirish boʻyicha navbatdagi mahorat darsini oʻtkazdim, — deydi qahramonimiz. — Besh soat davom etgan mashgʻulotda 35 nafar mezbonlar qatnashdi va mazkur jarayon Gifu prefekturasi mahalliy nashrida keng yoritildi.

Aytish joiz, mahalliy hokimlik bu boradagi har bir tashabbusimizni doimo qoʻllab-quvvatlaydi. Demak, ikki yurt oʻrtasidagi doʻstlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi bunday madaniy tadbirlarimiz bardavom boʻlishiga ishonamiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер