“Yaponiya-Oʻzbekiston” assotsiatsiyasiga yangi rais saylandi
Mamlakatimizning Tokiodagi elchixonasi vakillari ikki davlat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar rivojida xalq diplomatiyasining oʻrnini yanada mustahkamlash maqsadida “Yaponiya – Oʻzbekiston” assotsiatsiyasi aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Assotsiatsiya taʼsis etilganidan buyon unga raislik qilib kelayotgan Shima Nobuxiko salomatligi va yoshi keksayishi munosabati bilan ushbu lavozimni tark etayotganligi, uyushmaning yangi rahbari etib rais oʻrinbosari sifatida faoliyat yuritib kelayotgan, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi Kato Fumixiko saylanganligi maʼlum qilindi.
Shu munosabat bilan, Shima Nobuxikoga ikki mamlakat munosabatlari rivojiga qoʻshgan koʻp yillik hissasi uchun samimiy minnatdorlik izhor etilgani barobarida milliy qadriyatlarimizga binoan, unga oʻzbekona toʻn va doʻppi kiydirildi.
Tadbirda elchi Muhsinxoʻja Abdurahmonov nutq soʻzlab, bugungi kunda xalq diplomatiyasi sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish, xalqlar madaniyatini boyitishning eng muhim vositasiga aylangani holda ilm-fan va taʼlim rivojiga ham hissa qoʻshayotganini qayd etdi.
Shu oʻrinda, “Yaponiya-Oʻzbekiston” assotsiatsiyasi Kunchiqar mamlakatdagi eng yirik doʻstlik jamiyati sifatida 25 yildan beri ikki mamlakat oʻrtasida doʻstona aloqalarni rivojlantirish va yapon hamjamiyatini Oʻzbekiston bilan keng koʻlamda tanishtirish boʻyicha olib borayotgan eʼtiborga molik faoliyati uchun minnatdorlik bildirildi.
Oʻz navbatida, Kato Fumixiko Oʻzbekiston uning uchun qadrli mamlakat ekanligini hamda yurtimiz bilan har tomonlama aloqalarni rivojlantirishni uyushmaning yangi raisi sifatida oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyganini aytdi. Xususan, keyingi yillarda madaniy-gumanitar, taʼlim va turizm bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy yoʻnalishiga ham katta eʼtibor qaratilishini bildirdi.
U bugungi kunda Markaziy Osiyoning, jumladan, Oʻzbekistonning xalqaro miqyosdagi oʻrni tobora yuksalib borayotganligi, Yaponiya bilan munosabatlar azaldan doʻstlik va oʻzaro hamjihatlik mezonlari asosida rivojlanib kelganligi, kelgusida ularning ravnaqida xalq diplomatiyasining oʻrni yanada muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
Shu munosabat bilan, u Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchisi sifatida orttirgan uch yillik tajribasidan Assotsiatsiyani boshqarish faoliyatida unumli foydalanishini, Kunchiqar mamlakatda “Oʻzbekiston doʻstlari”ni koʻpaytirishga safarbar qilishini bildirdi.
Tadbir doirasida “Yaponiya–Oʻzbekiston” assotsiatsiyasi aʼzolari bilan davra suhbati tashkil qilindi. Unda mamlakatimizda joriy yil 1-maydan eʼtiboran kuchga kirgan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mazmun-mohiyati, uning davlat va jamiyat rivojidagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritildi.
Shu bilan birga, 9-iyul kuni davlatimiz va xalqimiz hayotida boʻlajak muhim voqea – muddatidan oldingi Oʻzbekiston Prezidenti saylovi, ushbu siyosiy tadbirni xalqaro andozalar va milliy qonunchilikka muvofiq oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqidagi maʼlumotlar oʻrtoqlashildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring