Yangiobod qishlogʻi ahlining koʻp yillik orzusi ushaldi
Foto: Xalq so‘zi
Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Qoqishtuvon” mahalla fuqarolar yigʻini tarkibiga toʻrtta qishloq kiradi. Mahalla aholisining 28,3 foizini, yaʼni 1 ming 370 nafarini maktab yoshidagi oʻgʻil-qizlar tashkil qiladi. Ana shu yoshlar hududda joylashgan 19-sonli umumtaʼlim maktabida tahsil olishadi. Mahalladagi Yangiobod qishlogʻi esa mazkur bilim dargohidan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan.
Yaqin - yaqingacha ushbu qishloqda yashovchi 180 nafardan ziyod oʻgʻil – qiz 19-sonli maktabda oʻqishar, yoʻlning olisligi, buning ustiga bolalarning ilm maskaniga A-380 avtomagistral yoʻli yoqalab borib-kelishi ota-onalarni xavotirga qoʻyardi.
Romitan tuman hokimligi, sektor rahbariyati va Xalq qabulxonasi tomonidan oʻtgan yili oʻtkazilgan sayyor qabulda Yangiobod qishlogʻi oqsoqoli Tolib Sobirov, pensioner Shohista Joʻrayeva aholi nomidan, bu yerda yashovchi oilalar farzandlarining xavfsizligini oʻylab, hududda 19-maktabning filialini qurib berish masalasida murojaat qilishdi. Bu qishloq aholisining koʻp yillik orzusi ekanini taʼkidlashdi.
Tuman hokimligi tomonidan bu murojaat inobatga olindi. Xalq taʼlimi (hozirgi Maktabgacha va maktab taʼlimi) vazirligiga taklif kiritildi. Shu tariqa Yangiobod qishlogʻida 19-sonli umumtaʼlim maktabining filialini qurish rejasi 2022-yilgi Investitsiya dasturiga kiritildi. Natijada 5 milliard 302 million soʻm miqdoridagi mablagʻ evaziga oshxonasi va sport zali ham boʻlgan 220 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilib foydalanishga topshirildi. Ayni kunda mazkur maktab filialida 182 nafar oʻquvchi tahsil olmoqda.
Yangiobod qishlogʻi aholisi esa koʻp yillik orzu ushalganidan mamnun.
Gʻ. MUYASAROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Romitan tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring