Yangiliklarga boy muloqot maydoni

11:26 05 Aprel 2018 Iqtisodiyot
2080 0
Foto: allevents.in

Kecha poytaxtimizdagi “O’zekspomarkaz” majmuasida “Oziq-ovqat sanoati — WorldFood Uzbekistan — 2018” xalqaro ko’rgazmasi o’z ishini boshladi.

Hamkorlik rishtalarini mustahkamlovchi muhim muloqot maydoni. Mamlakatimizda o’tkazilib kelinayotgan xalqaro ko’rgazmalarga shunday ta’rif bersak arziydi. Zotan, bunday tadbirlar orqali nafaqat yangi mahsulot yoki asbob-uskunalar namoyish etilayapti, balki sanoat korxonalari o’rtasida kooperatsiya aloqalari mustahkamlanib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xorijiy ishbilarmonlar bilan hamkorlik o’rnatishiga qulay muhit yaratilmoqda.

“O’zekspomarkaz” majmuasida bo’lib o’tayotgan “Oziq-ovqat sanoati — WorldFood Uzbekistan — 2018” xalqaro ko’rgazmasi ham shunday muhim forumlar sirasiga kiradi.
O’n sakkizinchi bor tashkil etilgan mazkur xalqaro ko’rgazmada Avstriya, Belarus Respublikasi, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, AQSh, Turkiya, Frantsiya kabi davlatlarning 200 dan ziyod kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda.

Xalqaro ko’rgazmadan ko’zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirishga ko’maklashish, bunday mahsulotlarni ishlab chiqarishda, qayta ishlashdagi yangiliklarni ommalashtirish, soha vakillarini tarmoqdagi ilg’or texnologiyalar bilan yaqindan tanishtirish, eksport imkoniyatlarini namoyish etishdir.

— Chindan ham, mazkur ko’rgazmaning biz, ishlab chiqaruvchilar uchun foydali tomonlari juda ko’p, — deydi poytaxtimizdagi “Sladus Produce” mas’uliyati cheklangan jamiyati vakili Muhiddin Imomaliev. — Nega deganda, bu erda, avvalo, dunyo oziq-ovqat sanoatidagi o’zgarishlardan, qo’llanilayotgan ilg’or ishlanmalardan xabardor bo’lamiz. Qolaversa, ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizni sotish uchun xaridorlar, ishonchli sheriklar topishda ham uning ahamiyati yuqori.

2010 yilda asos solingan korxonamiz qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan bo’lib, bu erda dastlab 50 kishi mehnat qilardi. Hozir esa jamoamiz a’zolari soni 150 nafardan oshdi. Mahsulotimiz turi ham, ishlab chiqarish hajmi ham yil sayin ko’paymoqda. Bunda, tabiiyki, ushbu xalqaro ko’rgazmaning ahamiyati katta bo’layotir. Ya’ni o’tgan vaqt mobaynida ko’plab hamkorlarimiz bilan ayni shu ko’rgazmalar jarayonida kelishuvga erishdik. Eksport geografiyasini kengaytirib, Osiyo, Evropa va Afrika mintaqasidagi bir qator davlatlar bozorlariga kirib borganimiz ishimizga yanada unum bag’ishlayapti.
 Ta’kidlash kerakki, bu yilgi ko’rgazma dasturi rang-barangligi bilan alohida ajralib turadi. Misol uchun, uning doirasida oziq-ovqat mahsulotlarini sifatlash — “Sifat ustasi” tanlovi o’tkazilib, turli nominatsiyalar bo’yicha g’oliblar aniqlanadi.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o’rtasida savdo aloqalarini rivojlantirish istiqbollari mavzuiga bag’ishlab o’tkaziladigan xalqaro forumda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o’zaro tajriba almashadi, savdo aloqalarini -mustahkamlash masalalari muhokama etiladi.

Turkiyaning “OSC” kompaniyasi tomonidan o’tkaziladigan kartoshkachilikka bag’ishlangan seminar ushbu mahsulotni etishtiruvchidan tortib, qayta ishlovchilarda ham katta qiziqish uyg’otadi, albatta. Oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar va savdo tarmoqlari o’rtasida mahsulot etkazib berish bo’yicha maxsus muzokaralar maydoni yaratilgani esa ishtirokchilar uchun ayni muddaodir.

O’zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, “O’zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, “O’zbekoziqovqatzaxira” uyushmasi, “O’zsharobsanoat” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Iteca Exhibitions” xalqaro ko’rgazmalar kompaniyasi tomonidan uyushtirilgan “Oziq-ovqat sanoati — WorldFood Uzbekistan — 2018” xalqaro ko’rgazmasi uch kun davom etadi.

* * *

Xalqaro ko’rgazmaga dunyoning 26 davlatidan ishlab chiqaruvchilar, tadbirkor va ishbilarmonlar tashrif buyurdi.

O’zbekiston — Belarus xalqaro forumi ikki mamlakat o’rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar kengayishiga xizmat qiladi.

“Sifat ustasi” tanlovida 30 ga yaqin mahsulotlar sifati sinovdan o’tkaziladi.

Dilshod ULUG’MURODOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер