Yangilanayotgan Konstitutsiyada barcha huquq va imkoniyatlarimiz batafsil va zamonaviy tarzda bayon etilgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi bir guruh deputatlarning Buxoro va Navoiy viloyatlari davlat va jamiyat boshqaruvi tizimining turli obyektlari, ijtimoiy-iqtisodiy soha muassasalarida qator uchrashuvlari amalga oshirildi.
Xususan, Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 1-sonli maktab va koʻp tarmoqli poliklinika mehnat jamoalari, Buxoro va Navoiy viloyatlaridagi bir qator mahallalar faollari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Vobkent tumani ichki ishlar boʻlimida huquq-tartibotni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishildi.
Shu kunning oʻzida Navoiy viloyatining bir qator tumanlari mahalliy Kengashlari deputatlari va mamlakatimiz parlamenti deputatlari oʻrtasida fikr almashishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbirlarning asosiy mavzusi – joriy yilning 30-apreliga belgilangan Oʻzbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri boʻyicha umumxalq referendumi.
Yigʻilish ishtirokchilari oʻtkazilayotgan referendumni soʻzsiz qoʻllab-quvvatlashlarini bildirib, uning mamlakatimiz izchil rivojlanishida tarixiy ahamiyat kasb etishini taʼkidladilar.
Soʻz olganlar Oʻzbekistonning bugungi hayotidan aniq misollar keltirib, jamiyatimiz taraqqiyotida katta ijobiy sakrash boʻlganini va joylarda odamlar hayotga tatbiq etilayotgan islohotlarning ortga qaytmasligi tarafdori ekanini, avvalgi shart-sharoitlarga qaytmaslikni kafolatlaydigan normalarni Konstitutsiya darajasi har tomonlama mustahkamlashga intilayotganlarini bildirdilar.
Anora Bobomurodova Navoiy shahar Kengashi deputati oʻz nutqida shunday dedi: “Mamlakatimizning yangilanayotgan Konstitutsiyasi qabul qilinishi uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solishimiz kerak. Darhaqiqat, referendumga taqdim etilgan loyiha oʻz ruhi va mazmuniga koʻra davlat vakolatlarini himoya qiluvchi emas, balki oddiy fuqarolarning huquqlarini kafolatlovchi hujjatdir. Qabul qilinishi bilan u mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun “qoʻllanma”ga aylanadi, chunki unda barcha huquq va imkoniyatlarimiz batafsil va zamonaviy tarzda bayon etilgan.
Biz yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish masalasini oʻz vaqtida koʻtardik. Erishilgan natijalarni Bosh qomus darajasida mustahkamlab, kelajak istiqbollarini belgilab olishimiz lozim. Ishonchim komil, muvaffaqiyatli yakunlangan referendumdan soʻng Oʻzbekiston oʻz fuqarolari nomidan ishlaydigan eng demokratik va amaliy jihatdan qimmatli Konstitutsiyaga ega davlatga aylanadi.”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring