“Yangiyoʻl”dagi yangilanmayotgan eski muammolar
Foto: “Xalq so‘zi”
Fargʻona viloyati Rishton tumani “Yangiyoʻl” mahalla fuqarolar yigʻini hududida namunaviy loyihalar asosida yangi uy-joylar qurila boshlaganida, ayniqsa, turarjoyga muhtoj oilalar juda ham quvongan edi. Ayni paytda bu yerda qad rostlagan ana shu uylarda yuz oilada istiqomat qiladi. Bundan uch-toʻrt yil oldin bir olam orzular bilan ushbu xonadonlarga koʻchib oʻtgan oilalarning bugun uylari eskirdi, muammolari esa oʻsha-oʻsha, eskirmadi.
— Yangi uylarga koʻchib kelgan yosh oilalar uchun eng katta muammo ishsizlik, — deydi “Yangiyoʻl” MFY raisi Jamoliddin Qosimov. — Dastlab bu yerda tikuvchilik sexi bunyod etish rejalashtirilgan edi. Ammo markazdan uzoqda boʻlgani uchun hech bir tadbirkor ushbu loyihaga pul ajratishni xohlamadi.
Har bir oilaga dehqonchilik qilishi uchun qoʻshimcha 2 sotixdan tomorqa yeri berilgan. Ammo yerdan unumli foydalanishning imkoni yoʻq. Chunki mahalla koʻchalariga beton quvurlar yotqizib, ariq orqali suv olib kelish rejasi ham chala qolib ketdi. Baʼzi oilalar ichimlik suvidan foydalanib boʻlsa ham tomorqadan hosil olishga harakat qilib koʻrishdi. Lekin ichimlik suvi yordamida yerni sugʻorish juda qiyin masala.
Shu mahallada yashovchi Iroda Isroilova, Odiljon Ortiqov, Jakbarali Boymirzayev ular uchun eng ogʻriqli muammo — ishsizlik ekanini taʼkidlab, hech boʻlmasa dehqonchilik qilib tirikchilik oʻtkazishga sharoit yoʻqligidan kuyindilar. Shu bois aksariyat oilalar uyning oylik kredit toʻlovini toʻlash maqsadida kunlik va mavsumiy ishlar izlash bilan umr oʻtkazmoqda.
Mutasaddilar esa vaʼda berishdan aslo charchamayapti!
Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring