Yangiyoʻldagi 34 ta MFY binolarining kadastr hujjatlari yoʻqligi aniqlandi

17:49 17 Mart 2026 Jamiyat
250 0

Illyustrativ foto

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumani hududidagi 34 ta mahalla fuqarolar yigʻini binolarining kadastr hujjatlari mavjud emasligi haqida xabarlar tarqaldi. Holat Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan oʻrganilgan.

Aniqlanishicha, dastlab tumanda 64 ta mahalla fuqarolar yigʻini mavjud boʻlgan boʻlib, tegishli qarorga muvofiq 13 tasi tugatilib, boshqa mahallalarga birlashtirilgan. Hozirda tumanda 51 ta mahalla faoliyat yuritmoqda. Shundan 17 ta koʻchmas mulk obyektiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.

Qolgan 34 ta obyektdan 20 tasi tuman hokimligi balansida boʻlib, mazkur obyektlarni mahalla fuqarolar yigʻinlari balansiga oʻtkazish yuzasidan topshirish-qabul qilish hujjatlari rasmiylashtirilmagan. Yana 13 tasi boʻyicha esa kadastr hujjatlarini shakllantirish uchun zarur boʻlgan huquqiy asoslar mavjud emas yoki obyektlar qurilish jarayonida boʻlib, foydalanishga topshirilmagan. 1 ta holatda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan belgilangan tartibda murojaat qilinmagan.

Qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklar tegishli tashkilotlar tomonidan bartaraf etilib, zarur huquqiy hujjatlar rasmiylashtirilgandan hamda belgilangan tartibda murojaat (ariza) taqdim etilgandan soʻng, mazkur obyektlarga nisbatan kadastr hujjatlari shakllantirilib, davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, koʻchmas mulk obyektlari boʻyicha kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishli huquqiy asoslar mavjud boʻlgandagina amalga oshirilishi belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер