Yangihayot tumanida mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va taʼlim sifatini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi

20:28 12 Fevral 2026 Siyosat
427 0

Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi Gulnora Marufova Yangihayot tumani Kengashi deputatlari bilan birgalikda hududda jamoat xavfsizligini taʼminlash va “Xavfsiz mahalla” konsepsiyasini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida idoralararo muvofiqlashtirish shtab faoliyati koʻzdan kechirildi. Tuman hududida xavfsiz muhitni taʼminlash, muammolarni manzilli hal etish va profilaktika ishlarini tizimli tashkil qilish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan mexanizmlar yuzasidan axborot berildi.

Shuningdek, senator tumandagi 332-sonli umumtaʼlim maktabi faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur taʼlim muassasasida amalga oshirilayotgan “Toshkent tajribasi” loyihasi doirasida yaratilgan sharoitlar, ixtisoslashtirilgan sinflardagi oʻquv jarayonlari va qoʻshimcha imkoniyatlar koʻrib chiqildi.

Loyiha asosida maktabda iqtidorli oʻquvchilar saralab olinib, ularga ixtisoslashgan yoʻnalishlar boʻyicha chuqurlashtirilgan mashgʻulotlar tashkil etilgan.

Maktab qoshida tashkil etilgan “Junior Robotics” toʻgaragi faoliyatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan robototexnika xonasida oʻquvchilar uchun nazariy va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazilmoqda.

Tashrif davomida mahalla faollari, ota-onalar va maktab pedagogik jamoasi bilan uchrashuv oʻtkazilib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar, aholini qiynayotgan masalalar hamda taʼlim sifatini yanada oshirish boʻyicha taklif va mulohazalar muhokama qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?