Yangiyerda muammolar koʻpligi yangilik emas
“Baraka” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Yangiyer qishlogʻi Gʻijduvon tumanining chekka maskanlaridan sanaladi.
Chekka qishloqning esa odatda muammolari koʻp boʻladi. Ammo yangiyerliklarning tashvishlari boshqalarnikidan oshib tushadi, desak mubolagʻaga yoʻymang.
30-Gʻijduvon saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik Palatasiga saylangan deputat Shuhrat Bafoyev Yangiyer qishlogʻida boʻlib, saylovchilar hamda mahalla faollari bilan uchrashganida bu yaqqol koʻzga tashlandi.
Uchrashuv davomida xalq noibi aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrgandi.
Aniqlanishicha, qishloq aholisi plastik karta orqali savdo qilishda qiynalyapti. Sababi tadbirkor Dilshod Keldiyev qaramogʻidagi doʻkonda terminal oʻrnatilmagan. Oʻz navbatida tadbirkor ham asosli vaj keltirdi. Chandon urinmasin tegishli bankdan bir oydan ziyod vaqt mobaynida terminal ololmayotgan ekan. Deputatning aralashuvi bilan bu masala hal boʻldi.
Qishloq faoli Mardon Bozorovning bildirishicha, hududdagi 17 ta simyogʻoch taʼmirtalab, shuning 4 tasi abgor holatga kelib qolgan. Qolaversa, qishloqni elektr energiyasi bilan taʼminlab turgan transformator tuman «Suvoqava» boʻlimining hisobida. Uni tuman elektr tarmoqlari boʻlimi hisobiga oʻtkazish maqsadga muvofiq. Deputat shu joyning oʻzida masʼul tashkilot rahbari bilan bogʻlanib, muammoni qancha muddatda hal qilish mumkinligiga oydinlik kiritdi.
Uchrashuvda qishloqda dorixonaning yoʻqligi, zarurat tugʻilganida 6-7 km uzoqdagi qoʻshni aholi punktiga borishga toʻgʻri kelinayotganligi aytildi. Shuningdek, saylovchilar toza va tashilib keltiriluvchi arzon ichimlik suvi taʼminotini, bolalarning maktabga borib kelishi uchun transport vositasi qatnovini yoʻlga qoʻyish masalalari bilan deputatga yuzlandilar.
Oʻz navbatida Shuhrat Bafoyev barcha muammolarning hal etilishini deputatlik nazoratiga olishini bildirdi.
Yuqoridagilardan koʻrinadiki, Yangiyer qishlogʻidagi muammolar bir kunda toʻplanib qolgan emas. Boz ustiga, ularning deyarli barchasi tuman darajasida hal boʻladigan masalalardir. Shunday ekan haqli savol tugʻiladi: Gʻijduvon tuman mutasaddilari, sektor rahbarlari, u yoki bu masalaga daxldor tashkilot masʼullari bu muammolardan bexabar yurishibdimi?!
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring