Yangi zamonaviy gaz oʻlchash uskunasining afzalligi nimada?

09:23 15 May 2020 Jamiyat
1716 0

Andijon viloyatida zamonaviy gaz hisoblash uskunalarini oʻrnatish ishlari boshlandi. Uskunalar bilan dastlab Andijon shahridagi “Yoyilma” hamda “Mustaqillikning 20 yilligi” MFY oʻramidagi koʻp qavatli uylarda joylashgan 100 dan ortiq xonadonlar taʼminlandi.

“Bugungi kunda “Hududgaztaʼminot” AJ va uning tizimidagi barcha gaz taʼminoti idoralariga qoʻyilayotgan talab, gaz isteʼmoli tizimida yuqori tejamkorlikka erishish, aholi xavfsizligini taʼminlash kabi muhim masalalar soha xodimlarining asosiy galdagi vazifasi hisoblanadi. Aholi uchun yana bir qulaylik bu, mazkur hisoblagichlarni oʻrnatib berish mutlaqo bepuldir,” — deydi “Hududgaz Andijon” MCHJ Bosh direktori Davronbek Salohitdinov.

Zamonaviy hisoblagichga sim-karta oʻrnatilgan boʻlib, u ishlatilgan tabiiy gaz hajmi haqidagi maʼlumotlarni onlayn rejimda markaziy serverga uzatadi. Shundan soʻng maʼlumot billing tizimiga avtomatik tarzda yetkazib beriladi. Bu oʻz navbatida isteʼmolchilarda toʻlov madaniyatini oshirish bilan bir qatorda shaffoflikni ham taʼminlaydi.

Ushbu hisoblagichlarning yana bir qulayligi shundaki, ishlatilgan tabiiy gaz uchun qarzdorlik paydo boʻlishiga yaqin qolganda hisoblagich pul toʻlash lozimligi toʻgʻrisida isteʼmolchining mobil telefoniga avtomatik tarzda xabar joʻnatadi va hisoblagichda qarz yuzaga kelishi bilan inson aralashuvisiz gaz berish toʻlov qilingunga qadar toʻxtatiladi. Qarzdorlik tufayli gaz berish toʻxtatilgach, qachonki qarzdorlik toʻliq toʻlangandan soʻng, isteʼmolchi uyidagi barcha ochiq qolgan gaz kranlarini berkitmaguncha hisoblagich gazni oʻtkazmaydi. Bu tizim, turli xil koʻngilsiz hodisalarning oldini olish bilan bir qatorda, inson salomatligi va xavfsizligi kabi oliy neʼmatlarning daxlsizligini kafolatlaydi. Bir soʻz bilan aytganda, bundan buyon foydalanilgan gaz uchun toʻlovda muammolar yuzaga kelmaydi.

“Isteʼmolchilarga qulaylik yaratish va karantin qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda hujjat va shartnoma bilan bogʻliq ishlarni koʻp qavatli uylar oldida tashkil etdik. Ijtimoiy masofani saqlagan holda zarur hujjatlarni shu yerning oʻzida rasmiylashtirmoqdamiz. Barcha chilangar va xodimlar maxsus tibbiy himoya vositalari hamda antiseptik vositalar bilan taʼminlanganlar,” — deydi “Andijonshahargaz” filiali rahbari Xurshidbek Qodirov.

Joriy yilda Andijon viloyatida ana shunday zamonaviy hisoblagichlardan 64 ming dona oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Bu kabi hisoblagichlar kelgusida jami 221 mingga yaqin isteʼmolchilarga bepul oʻrnatib beriladi.

Akmaljon XOLIQOV,

“Hududgaz Andijon” MCHJ matbuot xizmati rahbari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер