Yangi uylar mahallamizdagi 296 ta oila uchun chinakam bayram sovgʻasi boʻldi — Abdulla Hayitov
Yangi yil arafasida Xonqa tumanidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida 296 ta xonadonga moʻljallangan 13 ta koʻp qavatli uy foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda xonadon egalariga yangi uylarning kalitlari tantanali ravishda topshirildi, bunyodkorlik ishlarida faol qatnashgan quruvchilar munosib ragʻbatlantirildi.
Massivda 1440 ta xonadonga moʻljallangan 52 ta koʻp qavatli uy-joylar, 360 oʻrinli maktabgacha taʼlim muassasasi, 990 oʻrinli umumtaʼlim maktabi, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari qurilishi rejalashtirilgan. Massiv bunyod etilishi natijasida tumandagi uy-joyga muhtoj 3080 ta oila oʻz uyiga ega boʻladi.

— Aslini uy-joy inson uchun eng zarur, birlamchi moddiy ehtiyojlardan biri sanaladi, — deydi yangi uy sohibi Abdulla Hayitov. — Oʻz uyiga ega boʻlgan insonning koʻngli tinch, oʻzi hayotdan rozi boʻladi. Bugun oila aʼzolarimizning necha yillik orzusi ushaldi. Yangi uylar mahallamizdagi 296 ta oila uchun chinakam bayram sovgʻasi boʻldi. Bu ishlar Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Inson qadri uchun” gʻoyasining hayotdagi yana bir amaliy ifodasidir.
Tarixga aylanayotgan 2023-yil Xorazm viloyatida 4487 ta xonadonga moʻljallangan 146 ta koʻp qavatli uylar qurilishi amalga oshirildi. Shundan, 1725 ta xonadondan iborat 70 ta uy-joy tumanlardagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida barpo etildi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring