Yangi uylar egalariga topshirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Xorazm viloyatining Qoʻshkoʻpir, Yangiariq va Tuproqqalʼa tumanlarida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 160 ta xonadonga moʻljallangan yangi uylar oʻz egalariga topshirildi.
Qoʻshkoʻpir tumanidagi Yovgʻir mahallasida 33 gektar maydonda bunyod etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi aholi uchun munosib turmush sharoitiga ega zamonaviy shaharchaga aylandi. Loyiha boʻyicha bu yerda koʻp qavatli turar joy binolari bilan bir qatorda ijtimoiy infratuzilma obyektlari, yashil maydonlar barpo etiladi. Shu kungacha massivda 11 ta koʻp qavatli turar joy qurib foydalanishga topshirilgan edi. Yaqinda yana 40 ta xonadon kalitlari oʻz egalariga topshirildi. Yil oxirigacha ushbu massivda 18 ta koʻp qavatli uy-joy barpo etiladi.
— “Oʻz uying, oʻlan toʻshaging” degan iboraning maʼnosini men kabi qiynalib yashaganlar juda yaxshi anglaydi, — deydi qoʻshkoʻpirlik Iqboloy Yunusova. — Uy-joyga muhtoj ayollar toifasi boʻyicha “Ayollar daftari”da roʻyxatda turar edim. “Yangi Oʻzbekiston” massivida qurilgan koʻp qavatli turar joydan 3 xonali uy bizga ham nasib etdi. Yangi uy oilamizga yangi orzu-umidlar va baxt olib kirdi.
Yangiariq tumanining Doʻstlik mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivida esa 37 ta koʻp qavatli turar joy qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, shundan 15 tasi joriy yilda qurib foydalanishga topshiriladi. Ushbu hududdagi 60 ta oila yangi uyda hovli toʻylarini nishonlash baxtiga muyassar boʻldilar.
Yangi 3 ta koʻp qavatli uyning foydalanishga topshirilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Rahimov, nuroniy otaxon va onaxonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar. Mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ularni uy-joy bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar ijrosi doirasida 5 nafar ayolga ijtimoiy uylar kalitlari topshirilib, har biriga muzlatgich sovgʻa qilindi, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bir necha fuqaro subsidiya asosida yangi uy sohibi boʻldilar.
Tuproqqalʼa tumanidagi Obod mahallasi hududida barpo etilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” massivi 20 gektar maydonni egallagan boʻlib, bugungacha 280 xonadonli 12 ta koʻp qavatli uy qurib bitkazilgan edi. Endilikda 3 ta yangi uyda joylashgan 60 ta xonadon oʻz egalariga topshirildi. Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tadbirda soʻzga chiqqanlar aholining uy-joy taʼminotini yaxshilash, mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash borasida olib borilayotgan ezgu ishlarning yana bir amaliy ifodasi ekanini taʼkidladilar.
Aytish joiz, joriy yil yakunigacha ushbu massivda yana 140 oilaga moʻljallangan 7 ta koʻp qavatli turar joylar qurib foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, 360 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti, 4 ta tadbirkorlik subyekti va 50 oʻringa moʻljallangan oilaviy poliklinika hudud aholisiga xizmat qiladi.
Odilbek ODAMBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring