Yangi tizim nimasi bilan afzal?

13:58 29 May 2020 Iqtisodiyot
1610 0

6 million 630 mingta. Bu raqam joriy yil boshidan ayni paytgacha 178 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari tomonidan rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar(EHF)umumiy soni. Aniqroq aytadigan boʻlsak, bugun respublikamizda 162 mingdan ziyod yuridik shaxs va 16 mingdan ortiq yakka tartibdagi tadbirkorlar hisobvaraq-fakturalarning elektron shaklidan foydalanmoqda.

Taqqoslash uchun, joriy yilning fevral oyi boshida 92 mingta subyekt tomonidan 1,4 mln.ta EHF rasmiylashtirilganini, may oyiga kelib esa bu koʻrsatkich mos ravishda 165 ming va 5,4 mln.taga yetganini keltirish mumkin. Bundan koʻrinadiki, EHF tizimi foydalanuvchilari soni tobora ortib bormoqda. Bu borada qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilari, ayniqsa, faol. Yaʼni 87 mingdan ziyod QQS toʻlovchilaridan 76 mingga yaqini yoki 86,5 foizi EHFdan foydalanishga oʻtgan.

EHF aylanish tizimida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning QQS toʻlovchisi yoki toʻlovchi emasligini maʼlumotlar bazasi orqali aniqlashtirish imkoni mavjud. Bu esa QQS zanjiri uzilishining oldini olish imkonini beradi. Natijada qoʻshimcha soliq hisoblanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Avval qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobotini topshirishda hisobvaraq-fakturalar reyestrini korxonaning oʻzi tuzib chiqishga majbur edi. Bu, tabiiyki, katta korxonalarga bir muncha qiyinchilik tugʻdirardi. EHF tizimida esa bunday reyestr avtomatik ravishda shakllanadi. Soliq kodeksining 225-moddasiga muvofiq, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda, shuningdek, qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlovchilar boʻlmagan mahsulot yetkazib beruvchilar tomonidan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobvaraq-fakturada aks ettirganlik — mahsulot yetkazib beruvchilarga hisobvaraq-fakturada koʻrsatilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasining yigirma foizi miqdorida jarima solishga sabab boʻladi. Bunda mahsulot yetkazib beruvchi hisobvaraq-fakturada koʻrsatilgan soliq summasini byudjetga toʻlashi shart.

EHF aylanish tizimidan foydalanilganda korxona uchun bozordagi talab va taklifni oʻrganib borish ham yana-da osonlashadi. Chunki ushbu tizim qaysi mahsulot qayerda yaxshi sotilayotganligini real vaqt rejimida monitoring qilish imkonini beradi.

Bugungi kunda 17 ta EHF operatori xoʻjalik yurituvchi subyektlarga xizmat koʻrsatyapti.Ulardan qay birini tanlash korxona yoki tashkilotning ixtiyorida. Bu tanlov asosan operatorning xizmat shartlari, u tomonidan taklif etilayotgan tariflar va korxonaning buxgalteriya tizimi bilan qay darajada integratsiya qilinishidan kelib chiqqan holda amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

Operatorlar bilan ish boshlash masalasi ham mijozlar uchun ancha qulay tarzda yoʻlga qoʻyilgan. Yaʼni bunda alohida shartnoma tuzish talab etilmaydi. Barcha faoliyat yuritayotgan EHF operatorlarning sayti orqali tuzilgan shartnoma (ommaviy oferta) asosida elektron raqamli imzo orqali imzolashning oʻzi yetarli.

EHF tizimining har bir operatori saytida hujjatlarning elektron toʻplami mavjud. Ularda elektron hisobvaraq-fakturaning standart shakli berilgan. Bu, albatta, foydalanuvchi uchun qulay, faqat rasmiylashtirilsa boʻldi – barcha talablarga javob beradigan hujjat tayyor. Bundan tashqari, EHF operator tizimlarining barchasida tomonlarning rekvizitlari avtomatik tarzda toʻldiriladi.

Ayni paytda rasman maqom berilgan EHF operatorlari va ular bilan bogʻliq qoʻshimcha maʼlumotlar soliq.uz hamdarouming.uz saytlarida joylashtirilgan. Mazkur elektron manzillarda elektron hisobvaraq-fakturani joriy etishga oid normativ-huquqiy hujjatlar, tizimga doir yangiliklar va boshqa foydali materiallar bilan yaqindan tanishish mumkin.

Tadbirkorlik subyektlarida tizim bilan bogʻliq qandaydir savol yoki tushunmovchiliklar yuzaga kelsa, info@rouming.uz yoki https://rouming.uz/contacts elektron manzillariga murojaat yoʻllash imkoni mavjud. Murojaatda koʻrsatilgan masalalarga mutaxassislarimiz tomonidan aniq va batafsil javob qaytariladi.

Abdukarim ESHBOYEV,

“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi mutaxassisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер