Yangi tegirmon bloki ishga tushirildi
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 1 milliard dollarlik 11 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda 363 mln. dollarlik mablagʻlar oʻzlashtirilishiga erishildi.
“Kokpatas va Dovgistov oltin konlarida maʼdan qazib olish (III navbati)” investitsion loyihasi ishlab chiqarish hajmini oshirishda katta ahamiyatga ega. Uning umumiy qiymati 281 million dollarni tashkil etadi. Ushbu loyihani amalga oshirishda Shimoliy kon boshqarmasiga qarashli 3-gidrometallurgiya zavodida yiliga 1million tonna oltin tarkibli maʼdanni qayta ishlash quvvatiga ega yangi tegirmon bloki ishga tushirildi.
— Mazkur loyiha doirasida flotatsiya, biooksidlash, filtrlash, quritish va kuydirish sexlarini kengaytirish ham koʻzda tutilgan, — deydi 3-gidrometallurgiya zavodi direktori Bekzod Husanov. — Zavodda tegirmon bloklari 7 taga yetadi. Shuningdek, yil yakuniga qadar sakkizinchi “MSHS” sharli tegirmon oʻrnatilishi evaziga yillik maʼdan qayta ishlash hajmini 10 million tonnaga oshirish rejalashtirilgan.
7-sonli tegirmon blokining ishga tushirilishi zavodda kuniga 3000 tonna qoʻshimcha maʼdanlarini qayta ishlashga imkon beradi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmining 12 foizga oshiradi. Natijada qoʻshimcha 100 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring