Yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi
Foto: Akmal MUHAMMADOV, Yunus BOʻRIYEV / “Xalq soʻzi”
Senat yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Jismoniy tarbiya va sport toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, ushbu Qonun bilan jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari hamda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi aniq belgilab berilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport subyektlari qatoriga Sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Milliy paralimpiya qoʻmitasi kiritilmoqda hamda ularning qoʻshimcha vakolatlari belgilanmoqda.
Qonunda paralimpiya, surdlimpiya, maxsus olimpiya va koʻzi ojizlar sporti harakatlariga doir normalar, sport federatsiyalari, klublari va ligalarining huquqiy maqomi hamda faoliyat yuritish tartibi, ularni reyestrga kiritish va chiqarish mezonlari mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, Qonunda murabbiy, sport hakami va sport agentining huquqiy maqomi, huquq va majburiyatlari ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, sportda dopingning oldini olish va unga qarshi kurashish tartibi, sport musobaqalari natijalariga qonunga xilof ravishda taʼsir koʻrsatishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi yangi normalar kiritilmoqda.

Qonunda aholini ommaviy sportga jalb qilish va ommaviy sport tadbirlarini tizimli oʻtkazib borishga eʼtibor qaratilgan.
Qonunda davlat tomonidan sportchi hamda murabbiyga bir martalik va oylik toʻlov shaklidagi qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun sohani yanada rivojlantirishga, jismoniy tarbiya va sportga oid munosabatlarni tizimli tashkil etishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, ushbu Qonun bilan amaliyotda mavjud noaniqliklar va huquqiy boʻshliqlar bartaraf etiladi, unda vazirlik va idoralarning hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining sohaga oid vazifalari aniq belgilab qoʻyilgan.
Senatorlar mazkur Qonunni maʼqulladi.
Akmal MUHAMMADOV, Yunus BOʻRIYEV
(“Xalq soʻzi”) olgan suratlar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring