Yangi tabaqalashgan tarif orqali yoʻlovchilarga bir qator qulayliklar yaratildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Transport vazirligi hamda “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Taʼkidlash joizki, keyingi yillarda poytaxt yoʻllarida xizmat koʻrsatish sifati va madaniyatini oshirish, harakat xavfsizligini taʼminlash, tirbandliklarning oldini olish borasida jamoat transporti harakatini zamonaviy mezonlar asosida takomillashtirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.

Ayni jarayonda jamoat transportida toʻlovlar shaffofligini taʼminlash, yoʻlkira haqini toʻlashda elektron toʻlov tizimlaridan foydalanishni ragʻbatlantirish va avtomatlashtirilgan toʻlov tizimini rivojlantirish maqsadida yangi, qoʻshimcha va ragʻbatlantiruvchi tariflar joriy etildi.
— Shu yilning 1-noyabridan Toshkent shahar jamoat transporti yoʻnalishlari, yaʼni avtobus va metropolitenda qatnovlarni amalga oshirish uchun cheklangan tarif ikki ming soʻmni, qatnov uchun bir martalik toʻlov elektron toʻlov tizimi – bank kartalari hamda ATTO transport kartasi orqali amalga oshirilganda ragʻbatlantiruvchi chegirma qoʻllanilgan holda – bir ming yetti yuz soʻmni tashkil etishi belgilandi,—deydi Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Olloyor Norboʻtayev.
Oʻz navbatida yangi tabaqalashgan tarif rejalariga koʻra, transport kartalaridan (ATTO) foydalangan holda bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tariflar joriy etildi. Shu asosda bir soat ichida birinchi avtobusda toʻlov 1 ming 700 soʻmni, ikkinchi avtobusda toʻlov 700 soʻmni, uchinchi va keyingi avtobuslarda toʻlov 0 soʻmni, bir soat ichida metrodagi toʻlov 1 ming 700 soʻmni, birinchi avtobusda toʻlov 1 ming 100 soʻmni, ikkinchi avtobusda toʻlov 700 soʻmni, uchinchi va keyingi avtobuslarda toʻlov 0 soʻmni tashkil etadi.

Shuningdek, bir soat ichida birinchi avtobusda toʻlov 1 ming 700 soʻmni, metrodagi toʻlov 1 ming 100 soʻmni, ikkinchi avtobusda toʻlov 700 soʻmni, uchinchi va keyingi avtobuslarda toʻlov 0 soʻm boʻladi. Bu borada yoʻlovchi birinchi transportga chiqishida toʻlov qilingan vaqtdan boshlab hisob davri boshlanadi.
Bir soatlik tarifda metrodan faqat bir marta foydalanishga ruxsat etiladi. Ikkinchi marta metrodan foydalanganda 60 daqiqalik hisob davri yangidan boshlanadi. Shu bilan birga qoʻshimcha ravishda yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan foydalanishda kunlik, bir, uch va olti oylik hamda yillik cheklangan va cheklanmagan tarif rejalari joriy etildi.
Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring