Yangi Renessans bunyodkorlariga munosib qutlov
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablari bitiruvchilariga tabrigini butun xalqimiz koʻtarinki ruhda kutib oldi. Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba yoʻllanayotgan mazkur qutlovda yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan eʼtibor, ularning jahon andozalariga mos taʼlim-tarbiya olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, sohada olib borilayotgan hayotbaxsh oʻzgarishlar haqida soʻz boradi.
Davlatimiz rahbari oʻz tabrigida mamlakatimiz yoshlariga murojaat qilib, ular inson har tomonlama erkin, ozod va farovon yashaydigan yangi Oʻzbekiston, yangi Renessans bunyodkori ekanliklarini hech qachon unutmasligi lozimligini taʼkidlaydi.
Prezidentimizning yuksak samimiyat, otalarcha mehr ufurib turgan soʻzlari yurtdoshlarimiz koʻnglini quvonchga toʻldirdi. Ayniqsa, ertamiz egalari qalbiga gʻurur-iftixor, kelajakka ishonch olovini yoqdi.
Quyidagi dil soʻzlaridan buni yaqqol anglash mumkin.
Sunnatilla KAMOLOV,
Mirobod tumanidagi 125-umumtaʼlim maktabi bitiruvchisi:
— Prezidentimizning tabrigi maktab ostonasidan uchirma boʻlayotgan biz kabi bitiruvchilarga hech kutilmagan, ayni paytda gʻoyat quvonchli va hayajonli, bir umr eslab yuriladigan tarixiy voqea boʻldi, desam, adashmayman. Chunki shu vaqtga qadar maktab bitiruvchilariga davlat rahbari alohida eʼtibor qaratib, ularga «sizlar kabi navqiron, azmu shijoatli yoshlarimiz timsolida biz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan taʼlim-tarbiya sohasidagi saʼy-harakatlarimizning yana bir amaliy natijasini, xalqimiz va Vatanimiz kelajagini koʻramiz», deya yuksak ishonch bildirmagan edi.
Tabrikning har bir soʻzini diqqat bilan tingladik. Quvonchimizga quvonch qoʻshildi. Ezgu tilak va ishonchga munosib boʻlish tuygʻusi kuchimizga kuch bagʻishladi.
Maktabdagi soʻnggi qoʻngʻiroq — katta hayot sari chorlovdir. Kimning ertasi qanday boʻlishi aynan shu kundan keyingi qadamiga bogʻliq. Buni chuqur anglagan holda kelajagim uchun puxta rejalar tuzib, bu yoʻlda dadil harakat qilyapman. Maktabni tugatmasimdan avval xalqaro universitetlarga ingliz tilida imtihon topshirdim. Xalqimiz “Intilganga tole yor”, deb bejiz aytmagan ekan. Singapurdagi Singapur hamda Koreya Respublikasidagi Aju universitetiga qabul qilindim. Endi ikkalasidan xohlaganimni tanlashim, oʻsha davlatga borib imtiyozli ravishda taʼlim olishim mumkin.
Bilim — kelajak kaliti. Oʻsha kalit bugun qoʻlimizda, faqat endilikda undan oqilona foydalanishimiz, bor bilim va salohiyatimizni yurtimizning jahonga chiqishi va rivoji yoʻlida sarflashimiz lozim.
Ortiqboy ESHONQULOV, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi direktori, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi:
— Prezidentimiz tabrigida ulkan maqsadlarimizga erishishning eng muhim omili sifatida mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasiga juda katta ahamiyat berilayotgani qayd etildi.
Darhaqiqat, qisqa muddatda maktabgacha taʼlim, xalq taʼlimi, oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimida muhim oʻzgarishlar amalga oshirildi. “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi. Oxirgi toʻrt yilda 134 ta yangi maktab qurilib, 2 ming 965 ta maktab rekonstruksiya qilingani, tubdan taʼmirlanib, zamonaviy jihozlangani nafaqat shaharu qishloqlarimizga koʻrk boʻlib qoʻshildi, balki joylarda muhitning oʻzgarishiga, odamlarning ruhini koʻtarishga, taʼlimda sifat yangilanishlariga turtki boʻldi.
Yurtimizda Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgani taʼlim tizimini mutlaqo yangicha mazmun va shakl bilan boyitdi.
Tizimda amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir muhim yoʻnalishi —oʻquvchilarning fanlarga boʻlgan iqtidorini yuzaga chiqarish, ularni respublika va xalqaro olimpiadalarga tayyorlashdir. Oxirgi bir yarim yilda yurtimizning iqtidorli oʻquvchilari xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalini qoʻlga kiritgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Prezidentimizning “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi hamda mazkur hujjat asosida xalqaro olimpiadalar gʻoliblari va ularning oʻqituvchilarini ragʻbatlantirishning noyob, ayni paytda nihoyatda adolatli tizimi yaratilganini taʼkidlash kerak. Bu ishlar yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni oʻzlashtirishga boʻlgan ragʻbatini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrugʻini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nodir ABDUQODIROV,
Yoshlar ishlari agentligi axborot xizmati rahbari:
— Davlatimiz rahbari tabrigida yoshlarimizning yetuk insonlar boʻlib kamol topishi uchun amalga oshirilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, navqiron avlodni sanʼat dunyosiga oshno etish maqsadida 800 dan ortiq madaniyat markazida 4,5 mingdan ziyod toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, ular musiqa asboblari va zarur jihozlar bilan taʼminlangani, maktablarda tashkil etilgan 36,5 mingdan ziyod toʻgaraklarga 1 million 100 ming nafar oʻgʻil-qizlar jalb etilgani taʼkidlandi.
Prezidentimizning besh muhim tashabbusi doirasida bu boradagi ishlar yangi sifat bosqichiga koʻtarildi. Mamlakatimizning barcha hududlariga, hatto chekka joylardagi maktab va mahallalarga ham kitoblar, sport jihozlari, musiqa asbob-uskunalari yetib borayotgani yoshlarning iqtidorini roʻyobga chiqarish, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, maʼnan va jismonan sogʻlom oʻsib-ulgʻayishiga katta hissa qoʻshmoqda.
Oʻz zamonasining ulugʻlaridan biri, bobokalonimiz Xoja Samandar Termiziy shunday degan edi: «Isteʼdod egalarini tarbiyalash shunday bir kimyodirki, u qora tuproqni toza oltinga, noqis toshni esa aybsiz gavharga aylantiradi».
Ishonamizki, zamonaviy ilm-fan choʻqqilarini va yuqori texnologiyalarni puxta egallagan, xorijiy tillarni mukammal biladigan yoshlar mamlakatimizda uchinchi Renessansni roʻyobga chiqarishda hal qiluvchi kuchga aylanadi.
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring