Yangi Qonun qanday imkoniyatlar beradi?
Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida “Sud ishlarini yuritish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni maʼqullangan edi. Kecha, 10-mart kuni davlatimiz rahbari ushbu Qonunni imzoladi.
Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining 2 ta qonuni va 4 ta kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan. Jumladan, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida ishlarni sudyalar oʻrtasida taqsimlash tumanlararo, tuman (shahar) sudlari raislarining vakolati hisoblanishi, shuningdek Oliy sudning tegishli sudlov hayʼatlari majlislarida ishlarni koʻrib chiqish uchun sudlov tarkiblarini shakllantirish sudlov hayʼatlari raislarining vakolati hisoblanishi haqidagi normalarning mavjudligi sudlarda ishlarni elektron tizimdan foydalangan holda inson aralashuvisiz, avtomatik ravishda taqsimlash tartibini amaliyotga toʻliq joriy etish imkoniyatini yaratish belgilangan.
Sudlarda ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash tartibining joriy etilishi sud ish yurituvini optimallashtirish va soddalashtirish, muayyan ishni koʻrish uchun sud tarkibi shakllantirilishida sudyalarning ish hajmi va ixtisoslashuvini hisobga olish, sud tarkibi shakllantirilishiga sud muhokamasining natijasidan manfaatdor shaxslar taʼsir koʻrsatishining oldini olishga xizmat qilishidan kelib chiqib, sud ishlarini avtomatik tarzda taqsimlash tartibini amaliyotga toʻliq joriy etishga erishish maqsadida sud raislarining vakolatidan ishlarni taqsimlash chiqarilgan.
Shuningdek, 2020-yil 1-fevraldan boshlab yuridik shaxslar tomonidan daʼvo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratilishi belgilangan.
Iqtisodiy protsessual kodeksning 150-moddasiga daʼvogar tomonidan daʼvo arizasi va unga ilova qilingan hujjatlarning koʻchirma nusxalarini javobgarga va uchinchi shaxslarga elektron tarzda yuborish imkoniyatini nazarda tutadigan qoʻshimcha kiritilgan.
Bunda daʼvogar-soliq toʻlovchi daʼvo arizasi va ilova hujjatlarini sudga taqdim etishdan oldin soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali boshqa soliq toʻlovchi-javobgar va uchinchi shaxslarga yuborish hamda hujjatlar yuborilganligi haqidagi tasdiqlovchi maʼlumotni keyinchalik sudga taqdim etish uchun axborot tizimi orqali yuklab olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Enaxon SIDDIQOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring