Yangi qonun oʻta ogʻir jinoyat sodir etmagan voyaga yetmagan shaxslar hayotini qaytadan boshlashga imkoniyat beradi

17:27 25 Sentyabr 2023 Siyosat
439 0

Joriy yilning 25-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisi oldidan Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, shuningdek, hududlardan mahalliy kengashlar deputatlari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

Majlisda “Voyaga yetmaganlarga nisbatan jinoiy javobgarlik yanada liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda bolalarning manfaatlarini himoya qilishga, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini davlat tomonidan kafolatlashga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi.

Mazkur qonun “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Qonun bilan oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar sodir etgan oʻta ogʻir boʻlmagan jinoyati uchun jazoni oʻtab boʻlgan shaxs sudlanmagan deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qonunda voyaga yetmaganlarga nisbatan ozodlikni cheklashning hamda ozodlikdan mahrum qilishning eng kam muddati olti oydan bir oygacha qisqartirilishi nazarda tutilmoqda.

Ushbu Qonun voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligini yanada liberallashtirishga xizmat qiladi va oʻn sakkiz yoshga toʻlguniga qadar sodir etgan jinoyati uchun jazoni oʻtab boʻlgan shaxsga hayotini sudlanganlik tamgʻasidan xoli tarzda davom ettirishi uchun sharoit yaratadi.

Shu oʻrinda statistik raqamlarga murojaat qilsak, mamlakatimizda 2021-yilda 1472 nafar voyaga yetmagan shaxs sudlangan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 2116 nafarga yetgan. Oʻtgan 2022-yilda  ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan jinoyatlar 389 ta, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlar soni esa 510 tani tashkil qilgan.

Ushbu Qonunning maʼqullanishi yuzlab yoshlarga hayotini qaytadan boshlash, jamiyatda oʻz oʻrnini topish, oilasiga, mahallasiga, jamiyatga foyda keltiradigan inson boʻlib kamolga yetishiga imkon beradi.

Majlis kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер