Yangi Oʻzbekiston ostonasi maktabdan boshlanadi

19:59 07 Aprel 2022 Jamiyat
1714 0

Foto: Халқ сўзи

Andijon shahrida ayni shu shior ostida ochiq muloqot boʻlib oʻtdi. Unda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov shahar va tumanlardagi umumtaʼlim maktablaridan tashrif buyurgan 4 ming 200 nafardan ziyod oʻqituvchi-pedagoglar bilan uchrashdi.

Muloqotda shu yilning 5-aprel kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida xalq taʼlimi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligiga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda ilgari surilgan dolzarb vazifalarga alohida urgʻu berildi.

Oʻz navbatida tajribali pedagoglar umumtaʼlim tizimida mavjud muammolarga toʻxtalib, oʻquv va tarbiya ishlarini mazmun-mohiyatan yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Maktablarda taʼlim tizimini tubdan isloh qilish kerak, — deydi tadbir ishtirokchisi Farogʻat Neʼmatova. — Buning uchun, eng avvalo, darsliklar sifatiga eʼtibor qaratish lozim. Undagi mavzular bugungi zamon talabiga mos va xos kelishi yosh avlod tarbiyasida katta ahamiyatga ega.

— Maktablarda ota-onalar va oʻqituvchilar oʻrtasidagi hamkorlik susayib ketgani rost, — deya fikr bildirdi Jalaquduq tumanilik oʻqituvchi Odinaxon Kenjayeva. — Qars ikki qoʻldan chiqadi, deb bejiz aytishmagan. Oʻqituvchi har qancha sifatli taʼlim bermasin, oʻquvchining oʻzlashtirishini ota-onasi nazorat qilmas ekan, bundan naf yoʻq.

Tadbirda taʼkidlanganidek, taʼlimga boʻlgan eʼtibor kelajakka boʻlgan eʼtibordir. Bugun ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatimiz kelajagi uchun qoʻyilgan mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi. Shunday ekan, sohada tub burilish yasamoq bugunimiz va ertamiz uchun juda muhimdir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер