“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqalariga vodiy viloyatlarida ham puxta hozirlik koʻrilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Namanganda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kunning 32 yilligi munosabati bilan oʻtkaziladigan “Yangi nafas” sport ommaviy yugurish musobaqasiga tayyorgarlikning borishiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hokimliklari vakillari, masʼul mutasaddi tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari, shuningdek, blogerlar ishtirok etishdi.
Anjumanda soʻz olgan har uch viloyatning masalaga daxldor mutasaddilari joriy yilning 19-noyabr kuni oʻtkaziladigan ommaviy yugurish musobaqalarini uyushqoqlik bilan tashkil etish boʻyicha oʻz hududlarida olib borilayotgan hozirlik ishlari haqida axborot berdilar.

Tadbirda taʼkidlanganidek, toʻrt yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan va sogʻlom turmush tarzi asosi boʻlgan ommaviy yugurish musobaqalariga yurtdoshlarimizning qiziqishi tobora ortib borayotir. Buni, jumladan, oʻtgan vaqt ichida mamlakatimizda uning qatnashchilari qariyb oʻn baravarga ortganida koʻrish mumkin. Kelayotgan yakshanbada boʻlib oʻtadigan yugurish bahslarida 150 mingga yaqin hamyurtlarimiz 14 hududning 16 ta shahrida belgilab qoʻyilgan uch kilometrlik masofani bosib oʻtadilar. Vodiy viloyatlarining har birida oʻn mingdan fuqaro yugurishga chiqadi. Ayni paytda tadbirning barcha bosqichlarini sifatli tayyorlash boʻyicha shahar hokimliklari va vakolatli boshqarmalar ishtirokida tashkil etilgan tezkor shtablar faol ish olib bormoqda. Joylarda fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilingan kunga bagʻishlangan yirik sport tadbiriga keng jalb etish boʻyicha targʻibot-tashviqot tadbirlari qizgʻin olib borilayotir.

— Millat sogʻligʻini mustahkamlash, fuqarolarni jismoniy chiniqtirishga xizmat qiluvchi ommaviy yugurish musobaqalari chinakam sport bayramiga aylanadi, – deydi Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayev. – Unda ishtirok etish istagidagi fuqarolar soni kundan-kunga koʻpaymoqda. Eng faol yuguruvchilarni ragʻbatlantirishga alohida eʼtibor qaratamiz. Marraga barvaqt yetib kelganlarning har biriga qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshiriladi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring