Yangi markaziy qozonxona ishga tushirildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Asaka tumanida yangi markaziy qozonxona ishga tushirildi. Buning natijasida 27 ta koʻp qavatli uyda istiqomat qiluvchi 1 ming 34 ta xonadonni issiqlik manbai bilan taʼminlash imkoniyati yaratildi.

— Hududlardagi infratuzilmaning yaxshilanishi xalqimizning turmush sharoitini tubdan oʻzgartirib yuboradi, – deydi mehnat faxriysi Abdurahmon Ismoilov. — Oddiy misol, Asaka tumanidagi koʻp qavatli uylarda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlarini aksariyat hollarda koʻmir yoqilgʻisi bilan isitardi. Bu yongʻin xavfsizligi qoidalariga mutlaqo zid ekanligini hamma biladi, biroq, boshqa chora yoʻq edi. Yangi qozonxonaning ishga tushirilishi asakaliklarga qulaylik yaratish bilan bir qatorda qish mavsumini xavfsiz oʻtkazishlariga ham sharoit yaratdi.

Qozonxonaning foydalanishga topshirilishi tufayli manzilda joylashgan 4 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, bitta maktab, bitta tugʻruq kompleksi va 3 ta tashkilot binolari ham issiqlik manbaiga ega boʻldi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring