Yangi mahalla raislari bilim va malaka oshirmoqda
Foto: Xorazm viloyati hokimligi Matbuot xizmati
Xorazm viloyatida joriy yilning 1-iyulidan 19-iyuligacha mahalla fuqarolar yigʻinlariga yangi saylangan raislar uchun oʻquv-seminar tashkil qilindi.
Urganch davlat universitetida oʻtkazilayotgan mashgʻulotlarda mahalla raislari guruhlarga boʻlingan holda bir haftalik dastur asosida oʻqitilmoqda.

— Mashgʻulotlarda mahallabay ishlash tizimining mohiyati, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, mahalla raisining hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va profilaktika inspektori bilan hamkorlikda amalga oshiradigan vazifalari xususida atroflicha tushunchalar berilmoqda, — deydi Urganch shahridagi “Maʼrifatchilar” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Aminboy Hajiyev. — Shuningdek, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bilan ishlash boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim qilinmoqda. Siyosiy-huquqiy bilim va malakamizni oshirish imkoniyatiga ega boʻlyapmiz.
Seminar dasturidan viloyat sektor rahbarlari ishtirokida muloqotlar oʻtkazish, mahalla raislari tomonidan ishlab chiqilgan ish rejasi taqdimoti ham oʻrin olgan.
Oʻquv-seminari yakunida mavzularni oʻzlashtirish boʻyicha test sinovi oʻtkaziladi.
Odilbek Odamboyev, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring