Yangi xizmat uylari chegarachilarga haqiqiy bayram sovgʻasi boʻldi
Foto: "Xalq soʻzi"
Dehqonobod tumanidagi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlariga qarashli harbiy shaharchada 30 ta xonadonni oʻz ichiga olgan ikkita koʻp qavatli xizmat uyi foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan taʼkidlanganidek, bugun mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilyapti. Buni Dehqonobod tumanidagi mazkur harbiy shaharchada qurib bitkazilgan yangi uy-joylar va unda yaratilgan shart-sharoitlar misolida ham koʻrish mumkin.
— Turmush oʻrtogʻim yetti yildan buyon chegara qoʻshinlarida xizmat qiladi, — deydi harbiy xizmatchi Bahodir Nurmatovning turmush oʻrtogʻi Gulnozaxon Nurmatova. — Shu vaqtga qadar ijarada yashab kelayotgan edik. Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 32 yilligi bayrami oldidan bizga yangi xizmat uyining berilgani oilamizga quvonch olib kirdi. Bu yerda toʻkis yashash uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo.
Shu kuni harbiy shaharchada barpo etilgan 25 oʻrinli yangi maktabgacha taʼlim tashkilotining ham foydalanishga topshirilishi yurt posbonlari va ularning oila aʼzolari uchun haqiqiy bayram sovgʻasi boʻldi.
Jahongir BOYMURODOV, Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring