Yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash muhokama markazida boʻldi
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining navbatdagi sessiyasida deputatlar tomonidan yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Termiz shahar hokimi hamda Termiz shahar ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining axborotlari eshitildi.
Qayd etilganidek, yurtimizda keyingi yillarda aholi bandligini taʼminlash, ehtiyojmand aholini mehnat faoliyatiga jalb qilishda qulay shart-sharoitlar yaratish borasida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. Ayniqsa, Prezidentimiz rahbarligida aholi, yoshlar va xotin-qizlar bandligini kafolatlash, ularni kasb-hunarga oʻrgatish, daromadlarini izchil oshirib borish boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda.
Bu borada Termiz shahrida ham manzilli ishlar olib borilmoqda. Xususan, sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida hududda joriy yilning yanvar-avgust oylarida 9819 ta ish oʻrinlari yaratilgan.
Shuningdek, oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 1 207 ta loyihaga 28,8 mlrd. soʻmlik kreditlar ajratilgan, kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqishga 363 nafar fuqaro yoʻnaltirilib, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa nodavlat taʼlim muassasalarida oʻqitilgan. Tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand 103 nafar xotin-qizlarga 1 mlrd. 44 mln. soʻm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Bundan tashqari, Termiz shahrida davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda jinoyatchilikni jilovlash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Shaharda sodir etilayotgan har bir jinoyat mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirokida mahallalarda atroflicha muhokama qilinib, ularning oldini olish boʻyicha zarur choralar koʻrilyapti. Buning natijasida Termiz shahar hududida jinoyatchilik kamayishiga erishilgan. Masalan, 2023-yilning sakkiz oyida hududda 570 ta jinoyat sodir etilib, oʻtgan yilga nisbatan 36 taga kamaygan.
Shahar hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishda tungi vaqtda shahar IIB, viloyat IIB JTSB PPXB xodimlari, Milliy gvardiya va sohaviy tashkilotlar bilan hamkorlikda tungi guruhlar tashkil etilib, ular tomonidan tungi vaqtlarda hududlarda toʻliq xizmat tashkil etilyapti.
Shu bilan birga, jinoyatlarni jilovlash, huquqbuzarliklarni barvaqt profilaktika qilish borasidagi ishlarni yanada jadallashtirish, hamkorlikni toʻgʻri va samarali yoʻlga qoʻyish orqali jinoyatlarni tubdan kamaytirish maqsadida shahardagi barcha mahalla kreminogen vaziyat va aholi sonidan kelib chiqqan holda “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratilgan.
Bu orqali har bir “qizil” va “sariq” mahallalarda huquqbuzarlik sodir etilishi yuqori boʻlgan obyektlar, jinoyat sodir etishga moyil boʻlgan shaxslar toifaga ajratilib, jinoyatlarni jilovlash boʻyicha tunu-kun profilaktik ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda mahallalar hududida sodir etilgan jinoyatlar “mahallabay” tarzda alohida tahlil qilinishi natijasida kriminogen ogʻir hisoblangan mahallalarni aniqlash imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, sessiya yigʻilishida mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish boʻyicha belgilangan vazifalar ijrosini yetarli darajada taʼminlamagani qayd etilib, mahallalar hududida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish boʻyicha profilaktika inspektorlarining masʼuliyatini kuchaytirish, jinoyatlarni oʻz vaqtida fosh etish borasidagi tadbirlar samaradorligini oshirish, fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarni ochish ishlarini kuchaytirish kabi takliflar ilgari surildi.
Sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov mamlakatimizda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar, uning mohiyati va ahamiyatiga alohida toʻxtaldi. Bosh Qomusimizda xalqimizning fikri, xohish-irodasi, barcha toifalarning — yoshlar, ayollar, nogironligi boʻlgan shaxslar, oʻqituvchilarning huquq va manfaatlari aks etgani, yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar ruhi ifodalangani, undagi normalar fuqarolarning farovon yashashiga, davlatning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Yurtimizda olib borilayotgan jadal islohotlar natijasida hayotimizning barcha sohalarida oʻzgarishlar yuz berayotgani, Harakatlar strategiyasi, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlash, mehnatini munosib baholash, odamlar turmush darajasini oshirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar olib borilayotgani taʼkidlandi.
Sessiyada muhokama qilingan masalalar boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oydin SHAROFUTDINOVA, xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi deputati:
— Sessiya yigʻilishida muhim masalalar muhokama qilindi. Unda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasini taʼminlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha joriy yil oxirigacha bajarilishi lozim boʻlgan ishlar atroflicha koʻrib chiqilib, mutasaddi rahbarlarning vazifalari belgilab olindi. Eʼtiborlisi, sessiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirok etgani, ular tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiya, undagi normalarning mazmuni, ahamiyati haqida keng maʼlumotlar berilgani juda foydali boʻldi. Bu, albatta, ish faoliyatimizni yangicha yondashuvlar asosida tashkil etishda yanada samarali boʻladi.
Burxon RAHMATULLAYEV, xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi deputati:
— Sessiya yigʻilishi juda mazmunli, natijador boʻldi, desam aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki kun tartibidagi masalalar atroflicha muhokama qilinib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan aniq va maqsadli takliflar ilgari surildi. Jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat huquq tartibot organlarining emas, balki keng jamoatchilikning ham vazifasi boʻlmogʻi lozim. Ushbu jarayonda huquqbuzarlikning oldini olishda mahallalar kesimida ish olib borilib, mahallalarda tashkil etilgan “beshlik” faoliyatidan unumli foydalanishimiz kerak. Oʻylaymanki, bu, albatta, oʻz samarasini beradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring