Yangi davr sari dadil qadam
Foto: Xalq soʻzi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish marosimida Oʻzbekistonning 2030-yilgacha boʻlgan strategik maqsadlar dasturini inson qadrining ulugʻvorligini taʼminlagan holda amalga oshirish ustuvor ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Binobarin, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, yangi davr uchun yangi gʻoya va tashabbuslar kerak. Shundagina u tom maʼnoda yangi davr boʻladi. Taʼlim sohasida ham ulkan oʻzgarishlar boʻlmoqda. Albatta, yoshlarimizning yangi Oʻzbekistonni barpo etishda bilim olishlariga boʻlgan intilish va qiziqishlari Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishda muhim omildir. Keyingi yillarda buning uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotgani tahsinga sazovor.
Ayni jarayonda institutimiz jahonning rivojlangan Italiya, Yaponiya kabi davlatlarining TOP-1000 tarkibiga kiruvchi oliy taʼlim muassasalari bilan kelishuv memorandumlarini imzoladi. Bu esa iqtidorli talaba-yoshlarimizning oʻqishlarini dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida davom ettirishlari, yosh oʻqituvchilarimizni ilmiy izlanishlarni olib borishlari uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berayotir.
Raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash iqtisodiyotimizni rivojlantirishning asosi ekanligi bois taʼlimning sifat darajasini yanada yaxshilash, nazariy bilimlarni amaliyot bilan oʻzaro integratsiya qilish, talabalarni oʻqish davridayoq tadbirkorlikka jalb etish yoʻnalishlarida izchil saʼy-harakatlar olib borish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Prezidentimizning: “Yoshlik – gʻanimat, vaqt – gʻanimat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga oʻz soʻzingizni ayting! Izlanish va intilishdan aslo toʻxtamang!» – degan fikrlari Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish orzusini roʻyobga chiqarishda navqiron avlodga kuch-quvvat, gʻayrat-shijoat baxsh etadi.
Oʻktam SALOMOV,Fargʻona politexnika instituti rektori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring