Yangi biznes loyiha xotin-qizlarga yangi imkoniyat yaratdi
Istam Ibrohimov/“Xalq soʻzi”. Ayollar daftarida roʻyxatda turgan Feruza Ergasheva uchun kasb-hunarga oʻqitish monomarkazida tikuvchilik korxonasi faoliyat boshlagani ayni muddao boʻldi. U Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi Mustaqillik mahallasida joylashgan bu korxonaning toʻlaqonli ishchisiga aylandi.
— Bir nafar farzandim bor, — deydi Feruza. — Qoʻshni Chovli mahallasida yashayman. Anchadan buyon ishsiz edim. Endi ishlab, roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldirish imkoniga egaman.
— Men esa Mirob mahallasidanman, — deydi oʻzini Sanobar Toʻrayeva deya tanishtirgan ayol. — Shu paytga qadar uy bekasi edim. Ammo ayollarbop ish daragi chiqsa albatta, mehnat qilaman, degan oʻy-xayolda yurgandim. Monomarkaz qoshida yangi korxona ochilgani men uchun ham ayni muddao boʻldi.
Korxona ichki va tashqi bozorda oʻz oʻrnini topishga ulgurgan “Ekvatorial Chodak” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan boʻlib, 200 ishchi oʻrniga moʻljallangan. Bu yerda yiliga 35 milliard soʻmlik kiyim-kechaklar ishlab chiqarish, ularning bir qismini eksportga yoʻnaltirish koʻzda tutilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring