Yangi bino va inshootlar yosh avlod ravnaqiga xizmat qiladi

15:35 11 Dekabr 2023 Jamiyat
309 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Konstitutsiyamizning 31 yillik bayrami kunlarida PastDargʻom tumanidagi Bahor mahallasining maʼmuriy binosi hamda mahalla hududida joylashgan 117-umumtaʼlim maktablari foydalanishga topshirildi.

Mahalla masʼullari faoliyat olib borishlari uchun ilgari bunday sharoit yoʻq edi. Endilikda yettilikning har biriga alohida xonalar qilingan, moʻjaz va shinam mahalla markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, bahorliklarni koʻp yillardan buyon maktab muammosi ham qiynab kelar edi. Barcha qulayliklarga ega, zamonaviy maktabning konstitutsiya bayrami kunlarida foydalanishga topshirilishi esa mahalla fuqarolari uchun munosib bayram sovgʻasi boʻldi.

Mustaqillik bayrami arafasida Paxtachi tumanining eng chekka Qarnabota qishlogʻida 33-son Bolalar musiqa va sanʼat maktabi qurilib, foydalanishga topshirilgan haqida avval xabar bergan edik. Ushbu 200 oʻrinli sanʼat maktabining qurilishiga 1 milliard 420 million soʻm mablagʻ sarflanib, yoshlarning 11 yoʻnalishda amaliy, tasviriy sanʼat, milliy va estrada cholgʻu asboblari cholgʻu sirlarini oʻrganishlari uchun sharoit yaratilgandi.

Endi yana qoʻshimcha 500 million soʻm evaziga ushbu maktabga 150 oʻrinli konsert zali ham qurib berildi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi bayrami kunlarida mazkur obyekt tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.

Yosh avlod qalbida ezgulikka intilish hissining kamol topishida musiqaning, umuman, sanʼatning oʻrni beqiyos. Bugun oʻgʻil-qizlarimiz uchun yaratilgan bunday imkoniyatlar esa ularning bu boradagi qiziqishlarini rivojlantirib, kelajakda mamlakatimiz musiqa va qoʻshiqchilik sanʼatini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Toyloq tumanining Bunyodkor mahallasida qurilgan 27- maktabgacha taʼlim tashkilotining yangi va zamonaviy qiyofada foydalanishga topshirilganligi nafaqat bunyodkorliklar balki Ukrach mahallasida istiqomat qiladigan aholiga ham bayram sovgʻasi boʻldi.

Maktabgacha taʼlim tashkiloti eski binosining sharoiti qoniqarsiz va past quvvatda ishlayotganligi sababli investitsiya dasturi asosida 4,2 milliard soʻm mablagʻ evaziga yangi bino qurilib, quvvati 75 oʻrindan 120 oʻringa oshirildi.

Binoning ochilish marosimida ishtirok etgan nuroniylar, mahalla faollari va keng jamoatchilik vakillari bu yerda bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Yigʻilganlar yurtimizda yoshlar taʼlim-tarbiyasiga qaratilayotgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda olib borilayotgan hayotbaxsh islohotlar natijasida hududlar qiyofasi tubdan yangilanib, odamlar qalbi va ongu shuurida kelajakka ishonch yuksaldi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер